Genotsid uchun qasos. Hafta tahlili
Tahlil
−
05 Oktabr
9908Surxondaryoda 37 yoshli o‘g‘il o‘z onasini bolta bilan chopib tashladi. U spirtli ichimlikka boyaqish onasidan pul so‘ragan. Tabiiyki, oilaviy janjal chiqqan va o‘g‘il onasini o‘ldirgan. U 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bunday voqealardan ta’sirlanayotgan bir men emasligimga ishonaman. Xo‘sh, bu kabi vahshiyliklarning sababi nima. Biz qachondan bunday odamlarga aylanib qoldik?
Eron Isroilga qasos zarbasi yo‘llashni boshladi
1 oktyabr Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu rejimi uchun G‘azoda bir yildan buyon davom etib kelayotgan genotsidning badalini to‘laydigan kun bo‘ldi. Ammo bunday badal har doimgidek siyosiy elita orqali emas, balki tinch aholi, ya’ni oddiy fuqarolar moli, joni va qoni bilan to‘landi. Shu kuni kechki payt Isroil beqarorlik va tutun ichida qoldi. Dastlab mamlakat poytaxti Tel-Avivdagi Yaffa hududida qora kiyimda qurollangan ikki shaxs tramvay bekati va unga yaqin bo‘lgan ko‘chada tinch aholini to‘satdan o‘qqa tuta boshladi. Qurolli hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lib, 16 kishi yaralandi. Ammo mazkur hujum uzoq davom etmadi va qurolli shaxslar Isroil huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yo‘q qilindi. Ammo bu Isroil uchun boshlanishi edi, xolos. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Oliy Rahnamo Ali Xomanaiyning buyrug‘i bilan “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh, HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya va korpus qo‘mondoni Abbos Nilforoushanning o‘limlari uchun tarixdagi eng yirik ballistik raketa hujumi uyushtirish orqali qasos zarbasi yo‘llashni boshladi. SAXAL isroilliklarni Eron raketalarini uchirayotgani haqida ogohlantirdi. U mamlakat aholisini “hushyor bo‘lishga va orqa qo‘mondonlik ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga” chaqirdi. Isroil bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ma’lum vaqt o‘tib esa Eron hududidan raketalar uchirilayotgani aks etgan tasvirlar bosqin ostidagi mazlum falastinliklarning xursandchiligi bilan bir vaqtda paydo bo‘la boshladi. Isroilning gazetalari bu zarbani tarixdagi eng yirigi deb atab, Isroilga jami 500 ga yaqin raketa uchirilganini da’vo qildi. Ammo Eron rasmiylari yahudiy davlatiga qarata uchirilgan raketalar soni 400 ga yaqin ekanini ochiqladi. Bu bir yil ichida Eronning Isroilga qilgan ikkinchi havo hujumi edi. Bundan oldin joriy yil aprel oyida Isroil tomonidan Damashqdagi Eron konsulligida ikki general va besh zobit o‘ldirilganiga javoban rasmiy Tehron yahudiy davlatiga 170 ga yaqin raketa bilan zarba yo‘llagandi. Bu galgisi esa, o‘sha hujumdan ikki baravar kattaroq va jiddiyroq bo‘ldi. Shu kuni Isroil harbiy qudratining yuziga aylangan havo hujumidan mudofaa tizimi – “Temir gumbaz” ishonchni to‘liq oqlay olmadi. Eronning aksariyat zarbalari mazkur mudofaa tizimini yorib o‘tdi. Tarmoqlarda Eron raketalaridan biri Isroil boshqaruvining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan razvedka agentligi – “Mossad”ning Tel-Avivdagi shtab-kvartirasidan taxminan 300-400 metr masofaga kelib tushgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Bu vaqt oralig‘ida esa Isroildagi eng muhim aviabazalaridan biri Nevatim Eron zarbalari oqibatida butunlay vayron qilinib, u yerda saqlanayotgan 20 dan ortiq 5-avlod F-35 uchoqlari yo‘q qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Isroil tomoni hozirgacha bunday talafotlarni emas, balki Eron raketalarining ushlab qolingani yoki ularning aholi punktlaridan uzoqqa tushgan tasvirlarinigina e’lon qildi. Ammo Eron tomonidan uchirilgan raketalar isroilliklar uchun deyarli halokatli bo‘lmadi. Tel-Aviv hududida raketa qoldiqlarining sachrashidan ikki kishi yaralangan, xolos. Hujumdan so‘ng bir qator AQSH va Isroil rahbarlari go‘yoki birdamlik namoyish etgan holda Eron harakatlarini qoralab, rasmiy Tehronning bu qilmishi javobsiz qolmaydi, degan mazmundagi dag‘dag‘alarni boshlab yubordi. Jo Bayden ma’muriyati Oq uy Isroil tomonida ekanini aytib, javob zarbasi uchun birgalikda ishlashini ma’lum qildi. Netanyaxu esa Eron katta xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidlab, u bu uchun ulkan badal to‘lashiga va’da berdi. Voqeadan 4 kun o‘tib esa, ayni damda qator manbalar Isroilning javob zarbasi muqarrarligi va bu bir necha kun ichida ro‘y berishini taxmin qilmoqda. Va bu zarbalar Eron hududidagi neft va boshqa strategik ob’ektlarga yo‘llanishi mumkin.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga ko‘ra, Isroilga raketa zarbasidan maqsad Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilish bo‘lgan va u Eron kuchining faqat bir qismi edi.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy X’da e’lon qilingan xabarida ibroniy tilida Isroilga qarshi “zarbalar kuchliroq va og‘riqliroq” bo‘lishidan ogohlantirdi.
“Reuters” agentligining Eronning yuqori martabali amaldoriga tayanib yozishicha, Eron Isroilga hujumi oldidan AQSH va Rossiyani xabardor qilgan.
Eron Isroilga hujum qilayotgan bir paytda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroildagi fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi. Unda intensiv raketa otishmalari munosabati bilan yana bir bor tezkor ehtiyot choralarini ko‘rish qat’iy tavsiya qilindi.
O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi fuqarolardan raketa hujumlari paytida tezlik bilan bomba boshpanalariga kirishni, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borishni, Isroil frontorti qo‘mondonligi bildirishnomalari va ogohlantirishlariga amal qilishni so‘radi.
2 oktyabr kuni Flynas va Qeshm Air aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va Eron ustidagi havo hududining bir qismi yopilishi munosabati bilan O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” esa 2 oktyabrdan Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat sabab xavfsizlikni ta’minlash maqsadida parvozlarni Iroq va Eron havo hududlarini aylanib o‘tgan holda amalga oshirishni boshladi. Aviakompaniya samolyotlari aniq ko‘rsatmaga qadar shu ko‘rinishda uchadi.
3 oktyabr kuni rasmiy Toshkent Yaqin Sharqdagi vaziyat shiddat bilan keskinlashayotganidan chuqur xavotir bildiradi. Tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, tanglik darajasining yanada ortishi keng mintaqada xavfsizlikka nisbatan bo‘lgan xatar va tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada kuchayishiga va butun xalqaro hamjamiyat uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Biz qarama-qarshi tomonlarni vazminlikka va keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi munosabatida.
O‘zbekiston tomoni mojaroni xalqaro normalar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining qarorlariga muvofiq tinch yo‘l bilan hal etish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor ta’kidlagan.
Bu orada esa Isroil BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni “persona non grata” deb tan oldi va uning mamlakatga kirishini taqiqladi. Tashqi ishlar vaziri Israel Kats bu qaror Guterrishning Eronning Isroilga hujumiga munosabati bilan qabul qilinganini bildirdi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibni hujumni to‘g‘ri tahlil qilmaganlikda ayblab, dunyoning deyarli har bir davlatlaridek, Eronning Isroilga qilgan jirkanch hujumini so‘zsiz qoralay olmasa, u Isroil tuprog‘iga qadam qo‘yishga loyiq emasligini ta’kidladi. Ma’lumot o‘rnida, “persona non grata” diplomatik atama bo‘lib, qabul qiluvchi davlat tomonidan tasdiqlanishi rad etilgan xorijiy shaxs ma’nosini anglatadi. BMT Bosh kotibi Guterrish esa Isroilda o‘ziga nisbatan taqiq joriy etilganidan keyin darhol Eronning Isroilga qarshi hujumini qoraladi. Joriy haftada tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodi qo‘yilgan Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq bo‘yicha yig‘ilishida “Apreldagi Eron hujumida bo‘lgani kabi, men kecha Eronning Isroilga uyushtirgan yirik raketa hujumini yana keskin qoralayman”, dedi.
Bu tomonda esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilning navbatdagi nishoni Turkiya bo‘lishidan xavotirda. Unga ko‘ra, Isroilning mintaqadagi rejalari faqat Falastin va Livan bilan chegaralanib qolmaydi va yahudiy davlati Turkiyaga ham tahdid qiladi.
“Isroil G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Livan bilan cheklanib qolmagan makkor rejani amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadini ko‘rish uchun payg‘ambar bo‘lish shart emas. Tarixni, dinlar tarixini, siyosat va diplomatiyani biladigan har bir kishi Quddus, Al-Aqso masjidi bilan aloqani va va’da qilingan yer xayolini osongina ko‘radi. Biz va’da qilingan yer nima ekanligini juda yaxshi bilamiz. Ular tom ma’noda Turkiyaga qarshi kurashga kirishmoqda. Biz buni yaxshi bilamiz. Hozirgi Isroil ma’muriyati o‘zining har bir bayonoti va ko‘rsatgan har bir kartasi bilan o‘zining haqiqiy niyatlarini oshkor qilmoqda”, dedi Erdo‘g‘an.
Isroil davlatini e’lon qilgan David Ben-Gurion 1948 yilda shunday degan edi: “Falastinning bugungi xaritasi Britaniya mandat hukumati tomonidan belgilab qo‘yilgan. Yahudiy xalqining, yoshlarimizning va kattalarimizning amalga oshirishi kerak bo‘lgan boshqa bir xarita ham bor. U Nildan Furot daryosigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga oladi”. Bu gaplardan ko‘rinib turibdiki, Isroil faqat G‘azo va Falastin bilan tinchimaydi. Har holda BMTning 79-sessiyasida yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning minbarga olib chiqqan xaritasi ham buni tasdiqladi.
Eron maxsus bo‘linmasi rahbari “Mossad”ning agenti bo‘lib chiqdi
Shu desangiz, Isroilning odamlari unga keskin qarshilik ko‘rsatayotgan Eronning asosiy tashkilotlarigacha kirib borgan bo‘lib chiqdi. Eron Isroilga qarshi kurashish uchun maxsus bo‘linma tuzgan, ammo bu bo‘linma rahbari Isroil razvedkasi – “Mossad”ning agenti bo‘lib chiqdi.
Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajodga ko‘ra, Tehron tomonidan Isroilga qarshi kurash uchun maxsus bo‘linma tashkil etilgan, lekin bu bo‘linma rahbari Isroil razvedkasi “Mossad”ning agenti bo‘lib chiqqan. Sobiq prezidentning bu bayonoti “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘ldirilishidan keyin Eronni josuslikda ayblovchi da’volarga javoban e’lon qilindi.
“Biz Isroilga qarshi kurashish uchun bo‘linma tuzdik, lekin uni boshqargan odam “Mossad” agenti bo‘lib chiqdi”, deydi Ahmadinajod.
“Le Parisien” nashri Livan xavfsizlik xizmatlaridagi manbasiga tayanib, Nasrullohning “Hizbulloh” shtab-kvartirasiga yetib kelgani haqida Isroil tomoniga Eronning yashirin agenti ma’lumot bergani haqida yozdi. “Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil razvedkasi yillar davomida “Hizbulloh”, ularning tuzilmasi va joylashuvini aniqlash uchun katta miqdorda ma’lumot to‘plagan. Bu ma’lumotlar ko‘pincha harbiylar turmush o‘rtoqlarining telefonlari, televizor pultlari va buzilgan kuzatuv kameralari orqali olingan.
Xabaringiz bor, ikki hafta oldin Isroilning “Hizbulloh” peyjerlarini va aloqa vositalarini portlatishi ortidan Livan va yahudiy davlati o‘rtasida keskinlashuv yuzaga keldi. O‘tgan haftalar davomida Isroil Livan hududlari bo‘ylab raketa zarbalari yog‘dirish bilan birga, quruqlik qo‘shinlarini ham mamlakat hududiga olib kirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil tajovuzi oqibatida halok bo‘lganlar soni 2000 ga yaqinlashgan, 1,2 mln aholi esa uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Voqealar fonida Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada o‘z fuqarolarini mamlakatdan evakuatsiya qilishga kirishdi. Bu vaqtda esa 100 mingdan ortiq mahalliy aholi Livandan qochib, qo‘shni mamlakatlar hududiga o‘tgan. 4 oktyabr kuni BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari xavfsizlik istab, Suriyaga qochib o‘tganlar soni 128 mingga yetganini ma’lum qildi.
30 sentyabrga o‘tar kechasi SAXAL Bayrut janubiy chekkasiga zarbalar berib, shahar markaziga birinchi marta hujum qildi. Isroil havo hujumlari oqibatida “Hizbulloh”ning bir necha yetakchilari halok bo‘ldi. O‘sha kuni OAV Isroil zarbasi oqibatida vafot etgan “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘rniga uning amakivachchasi Hoshim Safi ad-Dinni tashkilotning yangi Bosh kotibi etib saylaganini yozdi. Biroq “Hizbulloh” bu xabarlarni rad etib, hali o‘ziga yetakchi tanlamaganini ma’lum qildi.
O‘tgan hafta AQSH va Fransiya ishtirokidagi sulhni rad etgan Isroil uni qabul qilishning yagona yo‘li sifatida “Hizbulloh”ni Litani daryosidan olib chiqib, ularni qurolsizlantirish ekanini ma’lum qildi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham 4 oktyabr kuni Bayrutga tashrifi chog‘ida sulh masalasiga to‘xtalib, G‘azoda doimiy sulh bo‘lmasa, Livanda sulh bo‘lmasligini, Hizbulloh Falastinda tinchlikka erishilmaguncha kurashishini ma’lum qildi.
1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil Mudofaa kuchlari Livan janubiga quruqlik operatsiyasini boshladi va uni “Shimol o‘qlari” deb atadi. Isroil qo‘mondonligiga ko‘ra, Livanda quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan beri SAXAL “Hizbulloh”ning 250 ga yaqin a’zosini, jumladan 5 batalon komandirini yo‘q qilgan.
OAV Isroil bu operatsiyadan Livan hududida 20 kilometrlik bufer zonasini yaratmoqchiligini aytdi. Tel-Aviv esa Eronni bu operatsiyaga aralashmaslik haqida ogohlantirdi.
Yaqin Sharqdagi boshqa arab mamlakatlari vaziyatni jim kuzatayotgan bir paytda BAA Livandagi vaziyatga tashvish bildirib, janglarni to‘xtatish va qon to‘kilishini oldini olishga chaqirdi. Urushdan jabr ko‘rgan livanliklarga yordam berishini ma’lum qildi.
1 oktyabr kuni “Hizbulloh” o‘zining navbatdagi kichik raketa zarbalari haqida xabar berdi. Bu safar nishonlar “Mossad” qarorgohi va Isroilning 8200 razvedka bazasi bo‘ldi. Hujum oqibatida 1 nafar isroillik halok bo‘ldi.
2 oktyabr kuni Isroil kuchlari “Hizbulloh” ob’ektlariga hujumni davom ettirib, Bayrut janubidagi hududlarga qiruvchi samolyotlar va dronlar bilan zarba berdi. Livan Sog‘liqni saqlash tashkiloti 24 soat ichida 46 kishi halok bo‘lgani va 86 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
3 oktyabr kuni SAXAL “Hizbulloh”ga qarshi hujumlarni davom ettirib, bu hujumlar davomida 8 nafar isroillik harbiy halok bo‘lganini va 7 nafari yaralangani haqida xabar berdi. Shu kuni ular shimoliy frontga yana 4 ta brigadasini va qo‘shimcha kuchlarini yuborganini e’lon qildi.
Isroilning Bayrut bo‘ylab raketa zarbalari davomida BMT qarorgohi, mamlakat Bosh vaziri idorasida ham yong‘in chiqdi.
3 oktyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Livan hududiga bosqini qoralab, arab davlatining xavfsizligi va hududiy yaxlitligining buzilishiga qarshiligini bildirdi.
Sudanda rasmiy hokimiyat va “Tezkor harakat kuchlari” harbiy guruhi o‘rtasidagi fuqarolar urushi mamlakat chegaralaridan tashqariga ham tarqalmoqda. Xususan, Sudan armiyasi Birlashgan Arab Amirliklari elchisining Xartumdagi qarorgohiga hujum qildi.
Nashrning yozishicha, BAA Tashqi ishlar vazirligi 30 sentyabr kuni Sudan harbiy-havo kuchlari samolyoti BAA elchisi qarorgohiga hujum uyushtirgani haqida xabar bergan va hujumni qoralab, binoga jiddiy zarar yetkazilganini ma’lum qilgan.
BAA Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Sudan armiyasi qo‘rqoqlarcha bu harakat uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishi kerak. Shuningdek, Abu-Dabi diplomatik binolar daxlsizligining asosiy tamoyili qo‘pol ravishda buzilgan ish yuzasidan Arab Ligasi, Afrika Ittifoqi va BMTga shikoyat kiritishga va’da bergan.
Qayd etilishicha, Sudan armiyasi bu ayblovlarni rad etib, diplomatik missiyalar qarorgohiga hech qanday zarba berilmaganini ma’lum qilgan va faqat “Tezkor harakat kuchlari” bo‘lgan hududlarga hujum qilinayotganini ta’kidlagan.
Rasmiy Toshkentning munosabatiga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchisi qarorgohiga Sudan armiyasi tomonidan uyushtirilgan hujum qabul qilib bo‘lmas holat.
“Diplomatik vakolatxonalar a’zolarining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, degan bayonot bilan chiqdi O‘zbekiston TIV.
Shu o‘rinda eslatib ketay, Sudandagi vaziyat 2023 yil bahorida keskinlashgan. Bunga Sudan Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Abdul Fattoh al-Burhon va “Tezkor harakat kuchlari” rahbari Muhammad Hamdan Daglo o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Natijada Meroe shahri va mamlakat poytaxti Xartumdagi harbiy baza yaqinida armiya va maxsus kuchlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan.
Ular o‘rtasidagi 17 oylik qarama-qarshilik davomida 10 milliondan ortiq sudanlik qochqinga aylangan va 20 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Komil Allamjonov Prezident Administratsiyasidan ketdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari Komil Allamjonov Prezident farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. Endi u faoliyatini xususiy sektorda davom ettiradi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Allamjonovning ketishi bilan bog‘liq xabarni e’lon qilarkan, unda Allamjonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganini yozgan. Biroq Allamjonovga boshqa lavozim berilmadi.
Bugungacha Prezident Administratsiyasiga kimlar keldi, kimlar ketdi. Umurzoqov deysizmi, Nizomiddinov deysizmi... Lekin ularning hech biri bilan xayrlashuv onlari aks etgan video e’lon qilinmadi. Allamjonov lavozimidan olingach, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida u bilan xayrlashayotgani aks etgan video yoyinlandi. Unda Mirziyoyeva Allamjonovga professionalizmi uchun minnatdorlik bildirgan bo‘lsa, Allamjonov Prezident Mirziyoyevning maqsad va g‘oyalariga sadoqatini ifoda etgan va bundan buyon xususiy sektorda faoliyat yuritishini bildirgan.
Allamjonovning bo‘yog‘iga xususiy sektorda nima bilan shug‘ullanishi hozircha hech kimga ma’lum emas. Har holda u bir emas, bir qancha bizneslar egasi. Ilk biznesini Davlat soliq qo‘mitasida ishlab yurganida boshlagan Allamjonov “Soliq info” gazetasi, “BEM” buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish dasturi, keyinchalik “Avtotest” avtomaktabi va “Autodriver Study” haydovchilarni imtihon qilish markazi va boshqa ko‘plab loyihalar asoschisi hisoblanadi.
Britaniyalik supermodel Naomi Kempbell O‘zbekistonga keldi
Britaniyalik supermodel, aktrisa va qo‘shiqchi Naomi Kempbell Toshkentda tashkillashtirilgan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Jahon konferensiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi. Konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Senat Raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etgan.
Konferensiyada 80 dan ortiq mamlakatdan 2000 dan ziyod ishtirokchi kreativ sohalar kelajagini muhokama qilish, tajriba almashish va hamkorlik bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratish uchun yig‘ildi.
Naomi O‘zbekistondagi yirik tadbirda ko‘rinish bergan kuni global tarmoq, jahonning eng ko‘zga ko‘ringan ommaviy axborot vositalarida u xayriya loyihalaridan tushgan mablag‘larni maishatga sarflagani haqida xabarlar tarqaldi.
Gap shundaki, 54 yashar Kempbell “Fashion for Relief” xayriya tashkilotiga rahbarlik qiladi.
2019 yilda Britaniya muzeyida bo‘lib o‘tgan “Fashion for Relief” mashhur moda ko‘rgazmasi va xayriya auksionida Kempbell UNICEF va London merining fondi uchun pul yig‘ishini aytgan. Biroq UNICEF’ning Buyuk Britaniyadagi vakolatxonasi o‘z bayonotida hech qachon “Fashion for Relief” jamg‘armasi bilan rasmiy hamkorlik qilmagani va 2019 yilgi tadbirdan umuman mablag‘ olmaganini ma’lum qilgan.
UNICEF 2022 yilda Angliya va Uelsdagi xayriya komissiyasiga Naomining xayriya faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etgan. Unda xayriya tashkilotining roziligisiz va potensial donorlarni chalg‘itadigan tarzda UNICEF brendidan foydalanilgani qayd etilgan.
UNICEF’ning hisoboti qonuniy tekshiruvlar doirasida kengroq dalillar va ma’lumotlar bilan ko‘rib chiqilgan va o‘tgan hafta o‘z natijalarini e’lon qilgan.
Hisobot shuni ko‘rsatdiki, jamg‘arma 2016 yildan boshlab besh yil davomida bir qator moda namoyishlaridan taxminan 4,8 million funt sterling (6,4 million dollar) olgan. Ulardan atigi 389 ming funt sterling (520 ming dollar) xayriyaga yo‘naltirilgan. Pullarning asosiy qismi esa Kempbell uchun mehmonxonalar, xavfsizlik, sigaretalar va boshqa shu kabi shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan.
Shu sababdan “Fashion for Relief” xayriya tashkilotlari ro‘yxatidan o‘chirildi va Kempbell besh yil davomida xayriya bilan shug‘ullanishdan mahrum bo‘ldi.
“Selxoz”da yong‘in
30 sentyabr kuni soat 20:10 da Toshkent davlat agrar universitetining Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan binosi yondi, uzoq yondi. Alanga 2400 kvadrat metr maydonga tarqalib, tezkor choralar natijasida 1000 kvadrat metr maydon saqlab qolingan.
Yong‘inni bartaraf etishga jami 27 ta texnika va 200 ga yaqin shaxsiy tarkib jalb qilingan. Yong‘in 21:36 da qurshab olingan hamda 22:10 da batamom o‘chirilgan. Yong‘inda o‘lim holatlari va jarohatlanganlar aniqlanmagan.
Yong‘inning kelib chiqish sabablari ma’lum emas, biroq voqeaga guvoh bo‘lganlarning aytishicha, u juda tez fursatda butun binoga tarqalgan.
Yuz bergan yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Tugayotgan haftada yongan faqat “Selxoz” emas. 1 oktyabr kuni Samarqand viloyatidagi Arxitektura-qurilish institutining qurilishi tugallanmagan binosida ham yong‘in chiqdi. Yong‘in oqibatida eski qurilish mahsulotlari yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Xususiy maktabda o‘quvchi ustozlari tomonidan kaltaklandi
Xalqda eti sizniki, suyagi bizniki degan gap bor. Bu naqlni odatda ota-onalar bolasini ta’lim-tarbiya olish uchun biror ustozning qo‘liga ishonib topshirayotganda ishlatadi. Lekin bu bolani do‘pposlash ma’nosini anglatmaydi. O‘zbekistonda oilada ham, jamoat joyida ham, maktabda ham bolalarga nisbatan doimiy ravishda tarbiyaning nomaqbul uslublaridan foydalanib kelinadi. Va afsuski, bunday tarbiya usullari xususiy maktablarda ham davom etmoqda.
O‘zbekistonda xususiy ta’lim muassasalari, bog‘cha va maktablar faoliyati ancha rivojlandi, ularning soni kun sayin ko‘paygandan ko‘payyapti-ku, lekin hali xususiy bog‘cha va maktablarga mos va xos tarbiyachilar, o‘qituvchilar jamoasi paydo bo‘lmagandek. 10-15-20 yillab davlat maktablarida tajriba to‘plagan, xususiy maktab tushunchasidan yiroq xodimlar bugun o‘sha falon millionlik xususiy maktablarni to‘ldirib turibdi. Qarabsizki, siz faqat shinam xonalar, rang-barang partalar uchun pul to‘layotgandeksiz. Ulardagi ta’lim sifati, aksar o‘qituvchilarning muomalasi va shaxsiy namunasi ancha bahsli masala. Biz xususiy maktablarni ochdik, lekin unga mos kadrlarni hali yetishtirganimiz yo‘qdek. Xususan, tugayotgan haftada Toshkentdagi xususiy maktabda sodir bo‘lgan holat yuqoridagi fikrlarimni so‘zsiz dalillayotgandek.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Target xususiy maktabida o‘quvchi ustozlari tomonidan kaltaklangani aks etgan video tarqaldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur xususiy maktabning 2008 yilda tug‘ilgan 9-sinf o‘quvchisiga maktabning ikki o‘qituvchisi tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan. Tayinlangan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, o‘quvchiga yengil tan jarohati yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan o‘qituvchilarning xatti-harakatlariga qonuniy chora ko‘rish uchun mazkur ish materiallari Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudiga yuborilgan.
O‘zi asli o‘quvchilar ham avliyo emas, albatta. Bunda faqat o‘qituvchini ayblashdan osoni yo‘q. Uyda ko‘rmagan tarbiyani ta’lim dargohidan va o‘qituvchidan talab qilish ham noto‘g‘ri. Masalan, shu hafta sodir bo‘lgan navbatdagi holatda Buxorodagi kasb-hunar kollejida o‘qituvchi tarix fanida o‘quvchini bir tarsaki bilan “siylagan”.
Yangiyo‘ldagi mudhish voqea
Hozirgi aytadigan xabarim ham O‘zbekistonda bolalarga nisbatan davom etayotgan munosabatning navbatdagi in’ikosi. Tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘lda 3 yoshli qizaloq katta yoshli erkak tomonidan zo‘rlangani, mahalliy aholi uni ushlaganda erkakning yonidan giyohvandlik moddasi topilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu gaplarga aniqlik kiritgan Toshkent viloyati IIBBga ko‘ra, 2 oktyabr kuni Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro shahar IIB boshlig‘i nomiga murojaat qilib, voyaga yetmagan 2020 yilda tug‘ilgan 4 yoshli qiziga nisbatan noma’lum shaxs g‘ayritabiiy usulda zo‘rlik ishlatgani haqida ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 1983 yilda tug‘ilgan 41 yoshli erkak gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida gumonlanuvchining yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganida, xonadon oshxonasidan 20 dan ortiq yelim idishlarda, maydalangan va quruq holdagi “marixuana” giyohvandlik moddalari topilgan, topildiqlar protsessual tartibda hujjatlashtirilib olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro protsessual tartibda ushlangan.
Holatga birinchilardan bo‘lib munosabat bergan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi holatni to‘liq nazoratga olganini aytib, markaz tomonidan ushbu oilaga psixologik xizmat ko‘rsatilayotganini bildirgan. Shuningdek, jabrlanuvchiga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanganini ma’lum qilgan.
Bolalar ombudsmani ham holat nazoratga olinganini bildirib, gumonlanuvchi shaxs 2021 yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turganini ma’lum qilgan.
Bu holatda 41 yoshli erkak bu qizga haqiqatdan tegajog‘lik qilgani yoki nomusiga tekkani holati o‘z tasdig‘ini topmagan. Hozirda olib borilayotgan tergov harakatlari va jabrlanuvchiga nisbatan tayinlangan ekspertiza natijasi holatga oydinlik kiritadi.
O‘quvchi futbol maydonchasidagi darvoza tagida qolib, vafot etdi
Toshkent shahrida 11-sinf o‘quvchisi futbol maydonchasidagi darvoza tagida qolib, vafot etdi.
Voqea joriy yilning 27 sentyabr kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, uning isi tugayotgan haftada chiqdi. Voqea Olmazor tumanidagi 134-maktab sport maydonida sodir bo‘lgan. 133-umumta’lim maktabining 17 yoshli o‘quvchisi soat 20:00 larda ovqatlanishga, undan so‘ng 21:00 va 22:00 lar atrofida 5 nafar sinfdoshi bilan futbol o‘ynagani borgan. Futbol o‘ynab bo‘lgandan so‘ng ketmoqchi bo‘lib turganda, bola darvozaga osilgan. Lekin u muvozanatni ushlay olmay chalqancha yiqilgan va ustiga darvoza tushib, uning tagida qolgan.
O‘quvchilar darvozani ko‘tarib, tez yordam chaqirgan va tez yordam deganlari doimgidek “posle pojar”, 40 daqiqada tez yordam kelgan. Bola Toshkent Pediatriya institutiga olib borilgan, biroq uni reanimatsiyaga olib kirib ketishayotganda soat 23:45 larda qorin yopiq jarohati, jigar yorilishi, jigar venasi uzilishi, ichki qon ketishi, travmatik shok oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi