Isroil yana G‘azoni bombardimon qildi. Qurbonlar bor
Olam
−
04 dekabr 1539 2 daqiqa
Kecha, 3 dekabr kuni Isroil armiyasi tomonidan G‘azo shahrida kuchli g‘ujum uyushtirildi va oqibatda 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Hujum davomida Isroil armiyasi G‘azoda yetti nafar falastinlikni, jumladan, ikki nafar bolani o‘ldirgan va urushdan vayron bo‘lgan hududdan odamlarning chiqib ketishi uchun Rafah o‘tish punktini faqat tashqariga chiqish maqsadida ochishga ruxsat bergan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari sektor bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilayotganiga qaramay, Az-Zaytun hududiga o‘q uzgan.
Bu voqealar Isroil HAMAS jangchilarini Falastin-Misr chegarasiga yaqin janubiy Rafahda to‘rt nafar askarni yaralaganlikda ayblaganidan so‘ng sodir bo‘ldi.
Quvayt shifoxonasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘ldirilgan bolalar 8 va 10 yoshda bo‘lgan. Yana 32 falastinlik jarohatlangan.
O‘z navbatida, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi oktyabr oyida, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirganidan beri Isroil armiyasining harakatlari oqibatida anklavda 360 nafar falastinlik halok bo‘lgani, 922 nafari yaralanganini e’lon qilgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, jangovar harakatlar oqibatida anklavda halok bo‘lgan falastinliklar umumiy soni 70 mingdan oshgan, jarohat olganlar soni esa deyarli 171 ming kishini tashkil etgan.
Joriy yilning 9 oktyabr kuni Isroil va HAMAS Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan taqdim etilgan tinchlik rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga kelishib oldi. G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 10 oktyabr kuni kuchga kirgan. Kelishuvga muvofiq, Isroil qo‘shinlari “sariq chiziq” deb ataladigan hududga chekingan holda, G‘azo hududining 50 foizdan ortig‘i ustidan nazoratni saqlab qolgan.
Live
Barchasi