Saida Mirziyoyeva Qatar va Marokash malikalari bilan moda tadbirida qatnashdi
Jamiyat
−
30 Oktabr
26708O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qatar malikasi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniyning taklifiga binoan Marokashda Fashion Trust Arabia mukofotlarini topshirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Yaqin Sharqdagi yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu nufuzli tadbir kreativ industriya xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etayotganining yorqin namunasi bo‘ldi. Marosimda qatnashish moda sohasining yetakchi vakillari bilan uchrashish va eng iqtidorli dizaynerlarga mukofotlar topshirilishining guvohi bo‘lish imkonini berdi”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Shuningdek, u Marokash malikasi Lalla Hasnaga mehmondo‘stligi uchun, Qatar Amirining singlisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniyga esa “unutilmas taassurotlarga boy ushbu kunlarni baham ko‘rgani uchun samimiy minnatdorligi”ni bildirdi.
Ma’lumot uchun, yosh dizaynerlarning Fashion Trust Arabia ko‘rgazmasi bu yil Marokashda bo‘lib o‘tdi. Unda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi taniqli moda iste’dodlari taqdirlanadi. Tadbir 2018 yildan beri Qatar Amirining onasi Shayxa Moza bint Nosir homiyligida, uning qizi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy hamraisligida o‘tkazib kelinmoqda.
Fashion Trust Arabia’ning bu yilgi g‘oliblari quyidagilar:
- “Eng yaxshi oqshom libosi dizayni” nominatsiyasida g‘oliblik Yasmin Mansour’ga nasib etdi.
- Tayyor kiyim yo‘nalishida Nadine Mos brendi g‘olib bo‘ldi.
- Eng yaxshi zargarlik brendi APOA (A Piece of Art) bo‘ldi.
- Aksessuarlar yo‘nalishida Ramla g‘olib chiqdi.
- Yil kashfiyoti Sylwia Nazzal brendi bo‘ldi.
- Moda texnologiyasi mukofoti Studio B.O.R.
- Tanlovning mehmonlar nominatsiyasida esa Ispaniyaning Acromatyx brendi g‘olib bo‘ldi.
Tadbir mehmonlari orasida Chopard prezidenti Karolin Shoyfele, Izabel Yupper, Imaan Xammam, Alessandro Ambrosio va Olive Rusten, Karla Bruni, Sabrina Elba va Djordan Dann bor edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Jahon konferensiyasi doirasida Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy O‘zbekistonga kelgan va Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashgandi. Shuningdek, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbekiston san’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida Samarqand shahridagi Bibixonim masjidi majmuasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
LiveBarchasi