Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning imijidan xavotirda! U Bosh vazir o‘rinbosari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
09 iyul 2019
20525Xabaringiz bor, bir necha hafta avval Samarqand YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining (BMQ) Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tgan 43-sessiyasida O‘zbekiston tomonining “Buxoroning tarixiy markazi” va “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ektlarining saqlanganligi to‘g‘risida taqdim qilgan hisobotlari ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng, Samarqand shahri Xavf ostida bo‘lgan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilmadi. Shunday bo‘lsada, O‘zbekistondagi tarixiy shaharlarning dunyo madaniy merosi ro‘yxatidan chiqarilishi bilan bog‘liq xabarlar mamlakatning turizm salohiyati va jahonda tutgan imijiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
Ma’lumki, xalqaro maydonda O‘zbekiston imijini targ‘ib etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining asosiy vazifalaridan biri. Shu bois agentlik direktori Komiljon Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bilan uchrashib, ushbu yo‘nalishdagi masalalar va muammolarni muhokama qildilar. Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozadi:
“Mamlakatimiz me’moriy meros ob’ektlarini asrash – ham hukumat, ham jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri.
⠀
Afsuski, noto‘g‘ri yondashuvlar qo‘llanishi oqibatida bu boradagi muammolar kun sayin ko‘payib bormoqda. Ham bosma, ham elektron OAVda faol yoritilayotgan bu holat O‘zbekiston turizm sohasining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, Agentlikning ustuvor vazifalaridan biri sanalmish mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini targ‘ib etishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
⠀
Sabablarni aniqlash va samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ushbu masalalarning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
⠀
Yurtimizda tarixiy obidalardan foydalanish va ularni asrab-avaylash borasidagi eng muhim masalalar va choralar ko‘rib chiqildi. Jumladan, professional restavratsiyani ta’minlash, shahar landshaftini va obidalarning ichki o‘ziga xosligini saqlash, madaniy ob’ektlar yaqinidagi qurilish ishlarini nazorat qilish va boshqa muammolarga e’tibor qaratildi.
⠀
Bizning asosiy vazifamiz ushbu noyob merosni bo‘lajak avlodlar uchun asrab qolishdir. Yurtimiz imijini xalqaro maydonda targ‘ib etishda shu kabi masalalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, albatta. Sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, hamjihat bo‘lib ishlasak, bu sohadagi muammolarni bartaraf etishimiz hamda ertaga farzandlarimiz ko‘zlariga tik qaray olishimiz uchun ham voqealar rivojini o‘zgartirishimiz mumkin bo‘ladi”.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr