Saida Mirziyoyeva portlashdan jabrlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
9853O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bugun, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan portlashdan jabrlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, Mirziyoyeva davlat rahbari uchun har bir fuqaro muhim va qadrli ekanini qayd etdi.
“Ishontirib aytmoqchimanki, Prezidentimiz topshiriqlari bilan fojia oqibatlarini tezda bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan. Davlatimiz rahbari uchun har bir fuqaro muhim va qadrli. Fursatdan foydalanib, jabrlanganlarning oila a’zolariga o‘zimizning chuqur hamdardligimizni bildiramiz”, deydi Prezident yordamchisi.
Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qilishicha, agar o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmaganda fojia oqibatlari bundan-da yomon bo‘lishi mumkin edi.
“Bugun beminnat yordam qo‘lini cho‘zayotgan barchaga, birinchi navbatda, tegishli idoralar bilan birgalikda oziq-ovqat, boshpana va psixologik yordam ko‘rsatgan poytaxtimizning jonkuyar aholisiga minnatdorlik bildiraman. Qutqaruvchilar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya xodimlariga, tez tibbiy yordam shifokorlariga alohida rahmat aytaman.
Bunday kunlar bizni ham birlashtiradi, ham sinaydi. Barchamiz mavjud vaziyatdan to‘g‘ri saboq chiqaramiz, deb umid qilaman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.
Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi.
Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.
LiveBarchasi
29 Oktabr