Saida Mirziyoyeva Kreml vakillari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
29 may 2025 6394 3 daqiqa
Kecha, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Sergey Kiriyenko bilan suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama etilgan. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikning mustahkam poydevori ekani alohida ta’kidlangan.

Shuningdek, yoshlar va kadrlar siyosati masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rahbarlarning yangi avlodini tarbiyalash bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani ta’kidlangan.
“Ta’lim sohasidagi hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi: Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning bir qator yetakchi universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Aleksey Gromov bilan uchrashuvda esa asosiy e’tibor axborot sohasidagi hamkorlik masalalariga qaratilgan. Raqamli makonni tartibga solish, feyklarga qarshi kurashish, mas’uliyatli jurnalistika standartlarini ilgari surish, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi qo‘shma qadamlar muhokama qilingan. Toshkentda amaliy maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorlik tasdiqlangan.

“Media makonning tez sur’atlar bilan o‘zgarishi sharoitida xolisona va barqaror axborot muhitini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Bundan tashqari, suhbat davomida mehnat migratsiyasi va madaniy diplomatiyani yoritish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Axborot kun tartibida ushbu masalalarga vazmin yondashuv muhimligi, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida qo‘shma gumanitar tashabbuslarni rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.
Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. U bilan O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

“Madaniyat, ta’lim va tarixiy merosni saqlash sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. "Yangi Quddus" muzeyida o‘zbek san’ati ko‘rgazmasining ochilishi va O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlarining o‘tkazilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro qiziqishning yorqin namunasidir”, deb yozadi Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya tomonining taklifiga binoan Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Anton Vayno bilan uchrashgandi. Suhbat davomida yuqori sur’atda rivojlanib borayotgan va aniq natijalar berayotgan O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan.
Live
Barchasi