Saida Mirziyoyeva britaniyalik supermodel Naomi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
03 Oktabr
51291O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva kecha, 2 oktyabr kuni Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Jahon konferensiyasi doirasida britaniyalik supermodel Naomi Kempbell bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 3 kun davom etishi kutilayotgan konferensiyada 80 dan ortiq mamlakatdan 2000 dan ziyod ishtirokchi kreativ sohalar kelajagini muhokama qilish, tajriba almashish va hamkorlik bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratish uchun yig‘ildi. Ular orasida 54 yoshli britaniyalik Naomi Kempbell ham bor. U 15 yoshidan podiumda o‘z faoliyatini boshlagan.
Telegram-kanalga joylangan suratlardan anglash mumkinki, butun dunyodan yig‘ilgan jamoat arboblari, xususan, Qatar amirining singlisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy, Jakarta gubernatorining sobiq o‘rinbosari Sandiaga Salahuddin Uno va ular bilan bir qatorda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oliy Majlis Senatining raisi Tanzila Norboyeva, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovni konferensiyada ishtirok etgan. Shuningdek, rasmlardan tadbirda Saida Mirziyoyevaning farzandlari ham qatnashganini ko‘rish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 23 avgustdagi qarori bilan Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkiliy qo‘mitaning ishchi organi etib belgilangan.
Bu yilgi konferensiya mavzusi: “Inklyuziv kreativlik: o‘zgargan voqelik”. U texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa, sun’iy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni o‘rganishga bag‘ishlanadi.
Konferensiya doirasida kreativ iqtisodiyot sohasidagi vazirlar uchrashuvi, dunyo va O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan ko‘rgazma, seminarlar, maslahat uchrashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Forum o‘tkaziladigan kunlarda Toshkentda Zamonaviy san’at markazi qoshida art-rezidensiyalar ochilishi kutilmoqda. Fransiya madaniyat markazi, Milliy restavratsiya markazi loyihalari, shuningdek, “Abulqosim” madrasasi va “Ohunguzar” madaniy meros ob’ektida kreativ iqtisodiyot klasterlarini tashkil etish loyihalari taqdimotlari o‘tkaziladi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha jamg‘arma Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda konferensiya ishtirokchilari, xalqaro ekspertlar, soha vakillari va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etishi kerak.
Ma’lumot uchun, Birinchi Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi (World Conference on Creative Economy, WCCE) 2018 yilda Indoneziyaning Bali shahrida bo‘lib o‘tgan. 2021 yilda u Dubayda (BAA), 2022 yilda yana Balida bo‘lib o‘tgan. Tadbir xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam berish, inklyuziv, barqaror iqtisodiyotni shakllantirishda ijodkorlikning rolini qayd etish va e’tiborni resursga asoslangan iqtisodiyotdan bilimga asoslangan iqtisodiyotga o‘tkazishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 15-19 sentyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XVI Toshkent xalqaro kinofestivalining muddatlari ko‘chirilgani haqida ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi