Saida Mirziyoyeva BMT Davlat xizmati forumida ishtirok etdi
Jamiyat
−
23 iyun 4819 1 daqiqa
Bugun, 23 iyun kuni Samarqand viloyatida BMT Davlat xizmati forumi boshlandi va unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Mirziyoyeva forum ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabriklarini yetkazgan.
“Ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti nomidan samimiy qutlov so‘zlarini yetkazish men uchun katta sharafdir. Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda va biz O‘zbekistonda bu o‘zgarishlarga faol islohotlar bilan javob bermoqdamiz: raqamli davlat quryapmiz, iste’dodlarga sarmoya kirityapmiz, barcha uchun – ayniqsa, davlat boshqaruvi organlarining uchdan biridan ko‘prog‘ini tashkil etayotgan ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytiryapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident yordamchisi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston tomonining tashabbuslariga ishonch bildirgan xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirgan.
“Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash orqaligina biz odamlarga, ularning kelajagiga chinakam xizmat qiladigan davlat xizmati tizimini yaratishimiz mumkin”, degan Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Saida Mirziyoyevani mamlakatda shaffoflik tamoyillarini ilgari surish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni rivojlantirish va axborot siyosatini modernizatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarni e’tirof etuvchi mukofot bilan taqdirlagandi.
Live
Barchasi