AQSH Saida Mirziyoyevaga mukofot berdi

Jamiyat

image

AQSH O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevani mamlakatda shaffoflik tamoyillarini ilgari surish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni rivojlantirish va axborot siyosatini modernizatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarni e’tirof etuvchi mukofot bilan taqdirladi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozdi.

Saida Mirziyoyevaga mukofotni bugun, 9 iyun kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm topshirdi. Mirziyoyeva va Lemm  uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning hozirgi holati va kelajakdagi istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilingan.

Shuningdek, suhbat davomida ustuvor bo‘lgan mavzularga — ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va biznes bilan shug‘ullanishni xohlagan barcha fuqarolar uchun teng shart-sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston-Amerika biznes forumi ˜– ikki davlatning 150 dan ortiq ishbilarmonlari o‘rtasida yangi loyiha va g‘oyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokama qilish uchun samarali va o‘ziga xos platforma ekani ta’kidlangan.

“Lemm xonim tomonidan taqdim etilgan, O‘zbekistonda shaffoflik tamoyillarini ilgari surish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni rivojlantirish va axborot siyosatini modernizatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizni e’tirof etuvchi mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildiraman”, deb yozdi Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda AQSH Davlat kotibi yordamchisi Erik Meyer, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Brez Betani, shuningdek, "Boeing", "FLS", "Visa", "NASDAQ", "Air Products", "Franklin Templeton", "Morgan Stanley", "Coca-Cola" va boshqa ko‘plab korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva esa AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi rahbari vazifasini bajaruvchi – AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Erik Meyer bilan uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Saida Mirziyoeva Kerolin Lemm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing