Safoyev Mirziyoyevga raqobatchi nomzodlar va partiyalarda siyosiy dovyuraklik yetishmayotganini aytdi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2021
7828O‘zbekiston Prezidentligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning birortasi Prezident Mirziyoyev bilan teng kela olmaydi. Eng avvalo bugungi partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarda Hukumatning faoliyatini tanqid qilishga dovyuraklik yetishmayapti. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev BBC o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida shunga ishora qilgan.
“Gapning ochig‘ini aytaylik. Hozir Prezident Mirziyoyevning obro‘yi, xalqning ichida tutgan o‘rni, nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosdagi mavqei [shulardan kelib chiqsak], soxta gaplarni aytmaylik, hozirgi boshqa nomzodlar unga ro‘baro keladi, degan fikrdan men yiroqman. Buni xolis aytishimiz kerak. Prezidentning oxirgi besh yilda qilgan ishlari u kishining obro‘yi nihoyatda ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi”, deydi Safoyev.
Sodiq Safoyev so‘zida davom etarkan, partiyalarning faoliyatiga oid misollarni keltiradi. U so‘l partiya hisoblangan Xalq demokratik partiyasi Prezident Mirziyoyevning 2000 ta davlat tasarrufidagi korxonalarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi taklifiga qarshi chiqishi kerak edi, degan fikrni ilgari suradi.
“Agar ularning siyosiy irodasi, dovyurakligi, yuragi bo‘lsa, shunday qilishi kerak”, deydi Safoyev.
Shuningdek, Safoyevga ko‘ra, Ekologik partiya bugun ham Markaziy Osiyoda, ham O‘zbekistonda katta muammoga aylanib borayotgan ekologik muammolar, Hukumat tomonidan ekologiya borasida qilinayotgan ishlar qoniqarsiz ekani haqida ochiq-oydin, bong urib gapirishi kerak.
“Ularda imkoniyat bor. Bundan ular qanchalik foydalanadi, bu ularning siyosiy ongi, siyosiy dovyurakligiga bog‘liq”, deydi Safoyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga navbatdagi saylov bo‘lib o‘tadi. Saylovda Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov, Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev nomzodi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi