Safoyev O‘zbekistonning Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar bo‘yicha pozitsiyasini ochiqladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlaydi. Bu haqda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkda bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev Ozarbayjonning “Report” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari oltin davrni boshidan kechirmoqda. 

“Bugun Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar balki tarixda misli ko‘rilmagan darajadadir. O‘tgan yili Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonga uch marta tashrif buyurgan edi. Adashmasam. Bu birinchi marta sodir bo‘ldi. Bugun biz siyosiy muloqotni, zaro tushunishni, iqtisodiy aloqalarni tobora kuchaytirmoqdamiz. O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga so‘nggi ikki tashrifi chog‘ida Fuzuliy shahrida maktab ochilganidan juda xursandman va u yerda allaqachon birinchi o‘quvchilar ta’limni boshladi. Men ham davlat rahbariga "ushbu tashrif doirasida hamrohlik qildim. Bir tomondan Armaniston 30 yil ichida vayron qilgan shaharlar, qishloqlar va aholi punktlarini, ikkinchi tomondan Ozarbayjonning qisqa vaqt ichida qayta tiklagan Qorabog‘ini ko‘rdik. Viloyat jonlanayotganidan juda xursand bo‘ldik”, deydi Sodiq Safoyev. 

Senat raisining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston har doim Ozarbayjonning qonuniy kurashiga nisbatan o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilganini ta’kidlab o‘tdi. 

“Ozarbayjonning barcha sohalarda, ayniqsa, hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash borasida erishayotgan yutuqlaridan mamnunmiz. Biz Ozarbayjonni adolatli kurashida qo‘llab-quvvatlaymiz va barcha qiyinchiliklarga qaramay, Ozarbayjon hukumati va xalqining hududiy yaxlitligini tiklash va himoya qilish borasidagi qat’iyatini olqishlaymiz. Ishonchim komilki, Ozarbayjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon go‘shalaridan biriga aylantiradi va Shusha quchog‘ini ochib, uning go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari uchun butun dunyodan mehmonlarni kutib oladi”, deydi Safoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘lib, 30 yillik arman istilosidan ozod qilingan Qorabog‘ viloyatiga bordi. Davlat rahbarlari Fuzuliyda bo‘lib, u yerda O‘zbekiston ko‘magi bilan qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning ochilish marosimida ishtirok etdilar. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi


Maqola muallifi

Teglar

Sodiq Safoev Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing