Sadir Japarov “Ozodlik” yopilishini qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
11 fevral
7803Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov AQSH Prezidenti Donald Tramp va DOGE (Amerika hukumati samaradorligini oshirish departamenti) rahbari Ilon Maskning USAID hamda “Amerika Ovozi” va “Ozodlik radiosi” kabi media loyihalarini yopish masalasidagi qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda u “Kabar”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Prezidentga o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan xalq qurultoyida AQSHning turli jamg‘armalari tomonidan “Azattik” (“Ozodlik radiosi”) va boshqa ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan mablag‘lar haqida gapirgani eslatilgan.
“Agar pullarni qanday sarflashni bilmasangiz, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri bizga – davlatga bering. Biz demokratiya va inson huquqlarini eng yuqori darajada ta’minlaymiz”, degan edi o‘shanda Sadir Japarov AQSH Davlat departamenti rahbariyatiga murojaat qilib.
Jurnalist Tramp va Maskning hozirda Japarovning ikki oy oldin bildirgan pozitsiyasini takrorlayotganini ta’kidlagan. Sadir Japarov esa buni tasodif deb atagan.
“Donald Tramp va Ilon Mask mening tashabbuslarimga muhtoj emas. Ular milliarderlar. Pul osmondan tushmasligini juda yaxshi tushunishadi. Ular amerikaliklarning pullarini behuda sarflashni to‘xtatmoqchi va ular to‘g‘ri yo‘lda. Hozir XXI asr. Har qanday axborot butun dunyoga besh daqiqada tarqaladi. 20-30 yil oldin “Azattik”ni hamma intiqlik bilan kutar, eshitar, unga ishonar edi. Chunki o‘shanda internet, smartfonlar yo‘q edi. Hozir esa odamlar “Azattik” yangiliklariga ehtiyoj sezmaydi. Hammasini internet orqali olishadi”, dedi Prezident.
Sadir Japarov xalq axborotni tahlil qilishni o‘rganganini, har qanday xabarga ishonmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, odamlar qaysi yangilik haqiqatga mos, qaysi biri esa yolg‘on ekanini o‘zlari tushunib yetmoqda.
“Masalan, “Azattik” kimningdir obro‘siga putur yetkazuvchi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganida, xalq uni tahlil qilishni boshlaydi. Va bu yolg‘on ekani aniqlanganda, odamlar so‘rashadi: Nega siz dezinformatsiya tarqatyapsiz? Ular esa keyin o‘z saytidan bu yangilikni o‘chirib tashlab, kechirasiz deydi. Agar ularga qarshi sudga murojaat qilinsa, ular butun dunyoga dod solib, bizda so‘z erkinligi o‘ldi, deb baqirishadi. Bu normal holatmi? Yolg‘on axborotni tarqatish yoki yangiliklarni manipulyatsiya qilish – bu so‘z erkinligimi? Cheksiz erkinlikni so‘z erkinligi yoki inson huquqlari bilan adashtirmaslik kerak”, dedi Sadir Japarov.
Shu sababli u Tramp va Maskning qarorlarini qo‘llab-quvvatlashga arziydigan qadam deb hisoblashini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Hukumat samaradorligi departamenti rahbari va Prezident Donald Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri Ilon Mask AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “Amerika ovozi” va “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” faoliyatini tugatishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi