Saakashvili 2008 yilgi urushni boshlaganlikda ayblandi
Olam
−
14 avgust
4405Gruziyaning hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini urush boshlaganlikda aybladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Partiya bayonot chiqarib, Saakashvilini 2008 yilda Janubiy Osetiya ustidan urushni tashqi kuchlar buyrug‘i bilan boshlaganlikda aybladi.
“2008 yil avgustida Saakashvilining avanturistik harakatlari uning ruhiy kasalligi emas, balki tashqaridan berilgan ko‘rsatmalar va puxta rejalangan xiyonat oqibati bo‘lgani haqiqat”, degan partiya vakillaridan biri siyosiy kengash yig‘ilishidan so‘ng.
Partiya, shuningdek, ommani mamlakat va uning xalqiga qarshi qilingan bu jinoyatni kim sodir etganini to‘liq tushunib yetish uchun ommaviy-huquqiy jarayonga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.
Joriy yilning 8 avgust kuni Bosh vazir Irakliy Kobaxidze hukumat Bosh prokuratura, Konstitutsiyaviy sud bilan bog‘lanishi yoki 2008 yilgi urush bilan bog‘liq holatlarni tekshirish uchun parlament komissiyasi tuzishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
2008 yilning avgustida Gruziya va uning Janubiy Osetiya o‘rtasidagi ziddiyat keng ko‘lamli urushga aylanib ketdi. Mojaro Gruziya 1990 yillar boshida mustaqilligini e’lon qilgan, lekin xalqaro miqyosda tan olinmagan Janubiy Osetiya ustidan nazoratni qayta tiklash uchun harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng yuzaga kelgan. Bunga javoban mojaroga Rossiya aralashib, Janubiy Osetiyaga, keyinroq esa boshqa mintaqa – Abxaziyaga qo‘shin yubordi.
Urush besh kun davom etdi va Yevropa Ittifoqi vositachiligida sulh bitimi bilan yakunlandi. Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil davlatlar sifatida tan oldi, ammo xalqaro hamjamiyatning aksariyati ularni Gruziyaning bir qismi deb bilishda davom etmoqda. Mojaro Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi kelishmovchilikni chuqurlashtirdi va mintaqaviy barqarorlikka ta’sir qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi shahar sudi sudyasi Mixail Jindjoliya chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun sud jarayonida allaqachon qamoqda bo‘lgan Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini hibsga olishga qaror qilgandi. Prokurorning iltimosiga binoan u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Ilgari Saakashviliga beshta jinoiy ish bo‘yicha hech qachon ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan edi.
LiveBarchasi