“S&P Global Ratings”: O‘zbekiston suveren kredit reytingida salbiy darajada qoldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 5 dekabr kuni “S&P Global Ratings” xalqaro agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingi “BB-” (reyting kutilmasi: “salbiy”) darajasida saqlanib qolgan. Bu haqda Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reyting bahosi (“BB-”) aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning kamligi, institutlar o‘rtasidagi bir-birini “tiyib turish” va hisobdorlik darajasining kuchsizligi bilan izohlangan. Mamlakat uchun davlat korxonalari islohoti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (hukumat kafolatlagan va boshqa kreditlardan tashqari) hajmini oshirish hukumat oldida turgan eng ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganiga urg‘u berilgan. 

Pandemiya bilan bog‘liq cheklov choralariga qaramasdan Agentlik tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotining 2020 yildagi o‘sishi 0,5 foizni, 2023 yilga qadar esa xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va tabiiy resurslar tarmog‘i hisobiga o‘rtacha 5 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. Shuningdek, 2023 yilga qadar kredit dollarlashuvi darajasining pasayishi, bu esa monetar siyosatning samaradorligi va narx barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi prognoz qilingan.

Shuningdek, reyting hisobotida Agentlik tomonidan:

•  pandemiya ta’sirini yumshatishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar olqishlangan;

•  Hukumatning institutsional islohotlarni amalga oshirishda va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ilgarilagani, davlat boshqaruvi darajasining esa yaxshilangani e’tirof etilgan;

•  korrupsiyaga qarshi kurash, sud-huquq tizimi mustaqilligi uchun ilk qadamlar qo‘yilayotgani ta’kidlangan;

•  soliq islohotlari natijasida soliq bazasi kengaygani, daromadlarni undirish sur’atlari oshgani, fiskal shaffoflik ko‘rsatkichi yaxshilangani qayd etilgan.

Shuningdek, kelgusida mamlakat kredit reytingini oshirishi mumkin bo‘lgan omillar sifatida quyidagilar sanab o‘tilgan:

•  o‘rta muddatlarda iqtisodiy o‘sish va to‘lov balansining joriy hisobi tushumlarining ortishi natijasida tashqi qarz, jumladan davlat qarzi o‘sish sur’ati sekinlashsa;

•  O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va davlat korxonalari islohoti iqtisodiyot o‘sish salohiyatining va davlat korxonalari moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga olib kelsa;

•  byudjet tushumlarining bazasi va eksport tarkibi diversifikatsiya qilinsa.

Quyidagilar kelgusida mamlakat kredit reytingini pasaytirishi mumkin bo‘lgan omillar sifatida sanab o‘tilgan:

•  keyingi 12 oy davomida davlat tashqi qarzining o‘sish sur’ati barqarorlashmasa (ya’ni o‘tgan 12 oydagi o‘sish sur’atlaridan baland bo‘lsa);

•  davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida ushbu korxonalar qarzlari davlat byudjeti tomonidan to‘lansa;

•  so‘nggi yillardagi islohotlarga qaramay iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada oshsa (2020 yilning oktyabr oyi holatiga bank sektoridagi dollarlashuv 49 foiz, depozitlarning dollarlashuv darajasi 43 foizni tashkil etgan). 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining 20 noyabr kuni o‘tgan 9-yalpi majlisida xalqaro indekatorlarda O‘zbekistonning ishtiroki qanchalik muhimligiga aniqlik kiritilgandi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘z ochgandi. https://qalampir.uz/news/norboyeva-va-k-uchk-orov-tandemi-khalk-aro-reyting-va-indekslardan-urin-olish-nega-kerak-28830

“Kimdir xalqaro reytinglar bizni qayerdadir maqtashlari yoki tanqid qilmasliklari uchun kerak, deb o‘ylaydi. Biz kimgadir nimanidir isbot qilishimiz shart emas. Bu hammasi o‘zimiz uchun”, degandi vazir.

Shu o‘rinda Senat raisi Tanzila Norboyeva ham Jamshid Qo‘choqorovning gaplarini to‘liq ma’qullab, reytinglarni “aholining farovonligi va turmush darajasini yengillashtirishga beriladigan baho”, deya atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Kredit Reyting

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing