Kreditga botgan aholi, elektromobil uchun subsidiya va “hakalak otgan” benzin narxi

Tahlil

Reklama
0:00

Assalomu alaykum, sizlar bilan Temur va bu yana “Soqqali ish” rukni.

Kreditga “o‘tirgan” o‘zbeklar

Bu galgi ko‘rsatuvimizni bir savol bilan boshlamoqchiman. Bizni kuzatib turganlar orasida krediti yo‘qlar bormi?

Ha, bugun O‘zbekistonda krediti borlardan ko‘ra krediti yo‘qlarni sanash anchagina oson bo‘lib qoldi. Banklardan foizga qarz olish madaniyati shu qadar keng tarqaldiki, ba’zi odamlar bir bankdan olgan kreditini yopish uchun boshqa bankdan kredit ola boshladi.

Zamonni rivojlanganini qarang, bugun kredit olish uchun ham bankka borish shart emas, ba’zan telefonning o‘zi yetarli. Bir necha tugma, pasport ma’lumotlari, “tasdiqlash” tugmasi va tabriklaymiz, siz endi kelajakdagi daromadingizning bir qismini bugundan sarflashingiz mumkin.

Aslida iqtisodda kreditning soni ko‘payishi ijobiy tendensiya. Bu bank tizimida qulaylik oshganligi, mamlakatda iste’mol hajmining ortgani yoki kichik va o‘rta biznesga yaratilgan imkoniyat bo‘lishi mumkin. Biroq yangi chiqqan iPhone modeli yoki qo‘shninikidan balandroq tom qurish uchun olingan kreditlarning keskin oshishi va olingan qarzning bankka qaytarilmasligi muammolar keltirib chiqaradi.

2026 yil 13 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida aholining kredit qarzdorligi masalasi ko‘tarildi. Senator Husan Ermatov Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib, so‘nggi bir yil ichida aholining kreditlari 21,2 foizga oshganini, olti yil ichida esa qarzlar besh barobardan ko‘proqqa ko‘payganini ma’lum qildi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov esa vaziyatni “xavotirli” deb baholadi.

“Asosiy xavotirlarimiz raqamlarning o‘zi o‘sibyotgani bilan emas, ko‘proq qarz yukining ortib borishi, aholi ushbu qarzga xizmat ko‘rsatishga qanchalik qodirligi bilan bog‘liq. Aynan mana shu ko‘rsatkichlarning o‘sishi bizni ko‘proq tashvishga solmoqda”,  dedi MB raisi o‘rinbosari.

2026 yil 1 fevral holatiga 9,3 million qarz oluvchining jami 610 trillion so‘mlik kredit qarzdorligi mavjud bo‘lgan. Bu esa 38 mln aholiga ega O‘zbekiston uchun deyarli har to‘rttadan bir odamning u yoki bu ko‘rinishda qarzi borligini anglatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, majburiyatlarning 93 foizi bank kreditlariga to‘g‘ri keladi. 376 mingta kredit shartnomasi bo‘yicha 19 milliard so‘mlik qarzdorlik muammoli kreditlar toifasiga o‘tgan.

Shu o‘rinda izoh: 610 trillion so‘m — bu aholining umumiy kredit majburiyatlari, 231 trillion so‘m esa banklardan olingan kreditlar bo‘yicha aholining qarzdorligi sifatida keltirilgan ko‘rsatkich.

Markaziy bankning xavotiri ham aynan kreditlarning mavjudligida emas, qarzdorlarning qarzini qaytarish qobiliyati pastligida.
Nosirovning aytishicha, hozir qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha talab mavjud: fuqaroning oylik daromadining 50 foizidan ko‘pi kredit to‘lovlariga yo‘naltirilmasligi kerak. 2026 yil boshidan qarzning daromadga nisbati bo‘yicha ham cheklov joriy etilgan: rasmiy daromadga ega fuqaro daromadining 8 barobaridan, norasmiy daromadga ega fuqaro esa 5 barobaridan ortiq kredit ololmaydi. Ya’ni endi bankning o‘zi kreditga “o‘tirgan” ba’zi o‘zbeklarni yana kredit olishiga cheklovlar qo‘ymoqda.

Haqiqatdan vaziyat jiddiy. Bugun odamlarda bir emas, bir nechta kreditlar bor. Undiruv tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida bugun qarzlarini to‘lamay qochib yurganlar soni ham bisyor.

2025 yil 1 iyun holatidagi Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodda faol aholining 33 foizi, ya’ni qariyb 5 million kishi, kamida bitta kreditga ega bo‘lgan. Eng qizig‘i, kredit oluvchilarning sonidan ko‘ra, bir kishining kreditlari soni tezroq o‘smoqda.

1,4 million qarz oluvchi, ya’ni jami qarz oluvchilarning 27 foizi — ikki yoki undan ortiq kreditni bir vaqtning o‘zida to‘lamoqda. Uch va undan ortiq krediti borlar ulushi esa 2020 yil boshidagi 3 foizdan 11 foizgacha ko‘tarilgan. Aksincha, faqat bitta kreditga ega qarz oluvchilar ulushi 84 foizdan 73 foizga tushgan.Oddiy qilib aytganda, bugun ba’zilar bitta qarzini to‘lolmagani uchun boshqadan qarz olish yo‘liga o‘tib oldi. Yaxshi “lifehack”. (Emas.)

Aslida kredit iqtisodiyot uchun muhim moliyaviy vosita. Oila uy sotib olishi, talaba ta’lim olishi, tadbirkor uskuna xarid qilishi yoki yangi biznes boshlashi uchun yillar davomida pul yig‘ib o‘tirish trendi allaqachon eskirdi. Bank bugungi kapitalni kelajakdagi daromad hisobidan oldindan ishlatish imkonini beradi, ya’ni sizda qachondir bo‘ladigan pulni bugundan ishlatishingiz mumkin.

Haqiqiy muammo kreditning qayerga ketayotganida. Agar 100 so‘mlik qarz ishlab chiqarish quvvatini yaratib, kelajakda 130 so‘mlik qiymatni yaratsa — six ham kabob ham kuymaydi. Bank ham boyiydi, tadbirkor ham.

Agar o‘sha 100 so‘m faqat bugungi iste’mol uchun ishlatilsa, kelajakdagi daromad esa avvalgi qarzni yopishga sarflansa – iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyati oshmaydi. Qarzdor qimmatbaho qandaydir buyumga, qarzdorning farzandlari esa katta qarzga ega bo‘ladi.

2025 yil iyulida Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnomada respondentlarning 73 foizi banklar yoki nobank tashkilotlar oldida qarzi borligini bildirgan. Eng xavotirlisi, ularning 61 foizi qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan.

Shu sababli Markaziy bankning moliyaviy savodxonlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga urg‘u berayotgani muhim. Kredit va mikroqarz reklamasida moliyaviy xavflar haqida majburiy ogohlantirish berish majburiyati ham aynan shunga qaratilgan. Markaziy bank vakiliga ko‘ra, bunday ogohlantirish qarz yukini avtomatik kamaytirmaydi, ammo iste’molchining ongli qaror qabul qilishiga yordam beradi.

“Ushbu mexanizm qarz yukini bevosita to‘xtatib qolmaydi, lekin odamlarning xabardorligi va mas’uliyatini oshiradi. Bu reklama orqali chalg‘itishning oldini olishga hamda odamlarni ongli qarorlar qabul qilishga undashga yordam beradi”, – dedi Markaziy bank vakili.

Taklifni tayyorlashda qator xorijiy tadqiqotlar o‘rganilgani aytilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada bunday choralarning qo‘llanilishi kredit bozori faolligi pasaymagan holda qarzga xizmat ko‘rsatishning yaxshilanishi va muddati o‘tgan qarzdorlikning kamayishi bilan kechgan.

Aynan shu tafayli ham tarixni o‘qish muhim. Biz bugun duch kelayotgan muammolarning yechimi tarix qa’rida yashirinib yotibdi.

Mana, masalan, O‘zbekiston uchun eng qiziq tarixiy misollardan biri — Janubiy Koreya.

1997–1998 yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozidan keyin Koreya bank tizimi qayta qurildi. Banklar korporativ kreditlardan tashqari aholiga kredit berishga faolroq kirishdi. Natijada uy xo‘jaliklari kreditlari juda tez o‘sdi. 2000–2002 yillarda kredit kartalaridan foydalanish ham portladi.

2002 yilning birinchi yarmida Koreyada kredit kartalari orqali 307 trillion von miqdorida operatsiya amalga oshirilgan. 1999 yilda 39 million dona bo‘lgan kredit kartalari soni 2002 yil o‘rtalariga kelib 105 million donaga yetdi — o‘rtacha hisobda har bir katta yoshli koreysga uchtadan ortiq karta.

Kredit kartalari orqali iste’mol qilish ham tez kengaydi. 2002 yilda kredit kartalaridagi qarzlar Koreya YAIMining qariyb 15 foiziga yetdi, uy xo‘jaliklarining umumiy qarzi esa 1999 yil boshidagi 37 foiz YAIMdan 2002 yil oxirida 62,5 foizga chiqdi. 2002 yilda kredit kartalari bo‘yicha kechikkan to‘lovlar ulushi 11,9 foizga chiqib ketgan. 2003 yilda qarzlarini bajara olmay qolganlar soni 3,75 million kishiga chiqqan — bu kattalar aholisining qariyb o‘ndan biriga teng edi.

Aholining qarzi haddan tashqari ortib ketganligi uchun Koreyada 2002–2003 yillarda kreditlar bo‘yicha rezerv talablari kuchaytirildi, qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatini baholash talablari oshirildi, kredit karta kompaniyalari uchun kapital yetarliligi talablari kuchaytirildi. 2003 yil aprelidan kredit karta kompaniyalari uchun minimal kapital talabi 4 foizdan 6 foizga oshirildi. Natijada qizib ketgan motor asta-sekin soviy boshladi.

Bugun O‘zbekistonning muammosi ham “kreditlarni qisqartirish” emas, balki kreditning sifatini oshirish, aholida esa moliyaviy savodxonlikni yaxshilash. Kelajakda oshishi mumkin bo‘lgan oylikka ishonib kredit olib tashlash bo‘yinga qarz degan baloni ilish ehtimoli yuqori ekanligini tushunish kerak.

Minmaydigan elektromobilimiz uchun pul to‘laymizmi?

Anchadan beri elektromobillarni importiga qo‘yilgan asossiz cheklovlar, ortiqcha talablardan ko‘p nolidik. Mana, kutib oling, endi O‘zbekistonda elektromobil haydash nafaqat ekologik, balki moliyaviy jihatdan ham “yashil chiroq”qa ega bo‘lishi mumkin. Faqat bu chiroqni yoqish uchun elektr toki emas, Davlat byudjeti ishlatilishi ehtimoli bor.

2026 yil 7 avgust kuni elektromobil xarid qiluvchi fuqarolarning avtokredit foizlarining bir qismini byudjet hisobidan qoplashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Loyiha hali qabul qilinmagan. Shunga qaramay, u muhokamaga chiqishi bilan iqtisodchilar va jamoatchilikning e’tirozlar bo‘roniga duch keldi.

Avvalambor, gap qanday imtiyoz haqida ketayotganini tushunib olaylik.

Taklifga ko‘ra, birlamchi bozordan elektromobil sotib olgan jismoniy shaxs uchun milliy valyutada olingan avtokreditning dastlabki ikki yilida 16 foizdan yuqori bo‘lgan foiz stavkasining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Kompensatsiya eng ko‘pi bilan 8 foizlik punkt bo‘lishi mumkin.

Masalan, bank kreditni 24 foizdan bersa, 8 foizlik punkt davlat hisobidan qoplanib, xaridor uchun amalda 16 foizlik yuk qoladi. Kredit 20 foiz bo‘lsa, 4 foizlik punkt qoplanadi. Xullas, stavka 16 foizga tushirilishi kerak. 2026 yil 16 fevraldagi PF-22-son O‘zbekiston Prezidenti farmonida elektromobillar uchun 16 foizgacha stavkada avtokreditlarni 2026 yil 1 sentyabrdan yo‘lga qo‘yish va birinchi bosqichda yil oxirigacha 15 mingta elektromobil xaridi uchun kredit ajratish belgilangan.

Shu farmonda kredit foizining oshgan qismini tijorat banklariga Davlat byudjeti hisobidan qoplash mexanizmi ham nazarda tutilgan. 7 avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan yangi loyiha esa kompensatsiyani 2026 yil 1 avgustdan joriy etishni taklif qilmoqda. Demak, hozircha gap yakuniy, kuchga kirgan norma haqida emas, balki muhokamadagi mexanizm haqida ketmoqda.

Xo‘sh, nega davlat elektromobillarga bunday imtiyozlar bergisi kelib qoldi?

Atrofga qarang, benzin narxi tinmay sakramoqda, havodagi chang tufayli musaffo osmonimiz bilan ham maqtana olmaymiz. Elektromobillar esa eng maqbul yechim sifatida ko‘rilmoqda.

Qiziq jihati, taklifga ko‘ra, imtiyoz istalgan elektromobil uchun birdek taalluqli emas. Avtomobil birlamchi bozordan olinishi, tashqi elektr manbaidan quvvat olishi, faqat elektr dvigatelida harakatlanishi va ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lmasligi kerak. Ya’ni gibridlar bu dasturga kirmaydi.
Avtomobil M1 kategoriyasida bo‘lishi, uning narxi 1 000 BHMdan, kredit summasi esa 300 mln so‘mdan oshmasligi kerak.

Endi savolning eng qiziq joyi: nega elektromobilga qarshi bo‘lmagan odamlar elektromobil uchun subsidiya berilishiga qarshi chiqmoqda? Chunki muammo elektromobilning o‘zida emas. Muammo — davlat elektromobilni kimning hisobidan va qanday usulda arzonlashtirmoqchi ekanida.

O‘zbekistonda elektromobil bozori allaqachon juda tez o‘smoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1 aprel holatiga mamlakatda 109,2 mingta elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 79 851 tasi Toshkent shahrida, ya’ni umumiy elektromobillarning qariyb 73 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi.

2025 yilning o‘zida esa O‘zbekistonga 56 832 ta elektromobil import qilingan. Ularning import qiymati 701 mln dollarni tashkil etgan. Elektromobillar yengil avtomobil importining 70 foizdan ortiq qismini egallagan. Shu davrda benzinli avtomobillar importi qariyb 40 foizga kamayib, 19 871 donaga tushgan.

Ichki bozorda ham elektromobilga talab o‘smoqda. 2025 yilda yangi elektromobillar savdosi 35 foizga oshib, 40,7 ming donaga yetgan. Yangi yengil avtomobillarning umumiy savdosi esa qariyb 370 ming dona bo‘lgan. Elektromobil savdosining 71 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Demak, elektromobil bozori «meni hech kim olmayapti, iltimos, davlat yordam bering» degan bosqichda emas. Aksincha, talab allaqachon juda tez o‘smoqda. Davlatning vazifasi esa shu o‘sishni tezlashtirish uchun har bir xaridorning kredit foizini to‘lash emas, balki bozorning asosiy to‘siqlarini aniqlash bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, hatto 300 mln so‘mlik mashina ham hazilakam pul degani emas. O‘rtacha daromadga ega inson hisoblanuvchi 7 mln so‘mlik maosh oluvchi ham eng arzon elektromobilni to‘lashi uchun 42 oydan ko‘proq ishlashi kerak. Bunda ham butun daromadini avtokreditni to‘lashga sarflasa.

Aynan shu tufayli odamlarda “elektromobil boylarniki» degan tasavvur bo‘lgan. Shuning uchun tanqidchilar «nega davlat qimmat avtomobil sotib oladigan odamning kredit foizini hamma to‘laydigan soliqlardan qoplashi kerak?” degan savolni bermoqda.

Jamoatchilik muhokamasining dastlabki natijalari aynan shu kayfiyatni ko‘rsatib berdi. Loyiha muhokamaga qo‘yilganidan to‘rt kun o‘tib, uni 3 mingdan ortiq kishi ko‘rgan, 166 kishi qarshi, atigi 20 kishi ma’qullagan, 70 dan ortiq fikr-mulohazada esa asosan tanqidiy qarashlar bildirilgan.

Tanqidlarning bir qismi juda oddiy: agar davlatda odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun pul bo‘lsa, uni 300–400 mln so‘mlik avtomobil xarid qilayotgan fuqaroga berish shartmi?

Jamoatchilik fikrlarida elektromobil xaridoriga kredit foizi subsidiyasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, elektr tariflarini qayta ko‘rib chiqish, bolalar uchun ijtimoiy to‘lovlarni kengaytirish kabi muqobillar taklif qilingan.
Asl yechim sifatida elektromobilni kreditga oluvchiga pul berish o‘rniga avtomobilning o‘zini arzonlashtirish, buning uchun chegaradan olib kirishdagi har xil to‘siqlarni kamaytirish taklif qilinmoqda. Tanqidchilar ham aynan shu jihatni so‘roq ostiga olmoqda: agar maqsad elektromobilni ommalashtirish bo‘lsa, nega bir qo‘l bilan elektromobil xaridiga kredit subsidiyasi berilib, boshqa qo‘l bilan import elektromobillariga xarajatlarni oshiradigan yig‘imlar saqlanib turibdi?

Ekspertlar bu yerda qaysidir bir mahalliy monopolning «luqmasi» borligini aytmoqda. Gap «O‘zavtosanoat» va BYD Europe qo‘shma korxonasi bo‘lgan BYD Uzbekistan Factory haqida ketmoqda.

Albatta, bu hali «subsidiya falon kompaniya uchun maxsus ishlab chiqilgan» degan xulosani berishga yetarli dalil emas. Bunday da’voni isbotlash uchun ishlab chiquvchilarning maqsadi va manfaatdor tomonlar bilan bog‘liqligi haqida qo‘shimcha dalillar kerak.
Lekin Uzavto’ning uzoq yillar xalq ongida shakllangan imidjidan kelib chiqsak, hamma narsa bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelamiz.

Qimmatlashayotgan benzin

Dunyoga neft va gaz eksport qiladigan Rossiya bugun o‘z zapravkalarida benzin qidirayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo davlatlari ham yonilg‘i ta’minoti xaritasini qaytadan chizishga majbur bo‘lmoqda. Geosiyosiy vaziyatning o‘ziga xos hazili shundaki, Moskva Ukrainaga qarshi urush olib borar ekan, Ukraina dronlari Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermoqda. Zavodlar faoliyati izdan chiqmoqda, Rossiya ichki bozorni ta’minlash uchun eksportni qisqartirmoqda. Kranning narigi tomonida esa Markaziy Osiyo davlatlari turibdi.

Ular esa oddiy savol bermoqda: “Bizning benzin qayerda?”

2026 yil avgustda Rossiyadagi yonilg‘i taqchilligi yana kuchaydi. Energetika va moliya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 14 avgust holatida Rossiyadagi AYOQSHlarning 37,3 foizida yonilg‘i mavjudligini tasdiqlovchi operatsiyalar qayd etilmagan. Avvalgi inqiroz cho‘qqisida bu ko‘rsatkich qariyb 33 foiz edi.

Albatta, bu Rossiyadagi har uchinchi zapravkada baklar butunlay quruq degani emas. Institutning o‘zi ham indikator ayrim hollarda real tanqislikdan ko‘ra kartalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar kamayganini aks ettirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ammo ko‘rsatkichning yomonlashishi Rossiya yonilg‘i bozoridagi muammo jiddiyligicha qolayotganini ko‘rsatadi.

Moskva esa vaziyatni “barqarorlashuv” deb atamoqda. Rossiya siyosiy lug‘atida «barqarorlashuv» ba’zan muammo yo‘qolganini emas, odamlar muammoga ko‘nikib qolganini anglatib qolishi ham mumkin.Rossiya neftga boy davlat. Lekin neftga boy bo‘lish zavodlarni dronlardan himoya qiladigan sehrli qalqon bermaydi. Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasiga takroriy hujumlari neftni qayta ishlash quvvatlariga bosimni kuchaytirdi. Natijada Moskva ichki bozorni himoya qilish uchun benzin va boshqa neft mahsulotlari eksportini cheklashga majbur bo‘lmoqda.
Rossiya uchun bu ichki bozorni saqlab qolish chorasi. Markaziy Osiyo uchun esa muammo. Chunki mintaqaning ayrim davlatlari Rossiya yonilg‘isiga nihoyatda katta darajada bog‘langan.

2026 yil boshigacha Qirg‘iziston va Tojikiston yonilg‘i ta’minotining qariyb 90 foizini Rossiyadan olgan. Iyul oxiriga kelib esa Moskva Qirg‘izistonning yil oxirigacha bo‘lgan ehtiyojining faqat yarmiga yaqinini yetkazib berishga rozi bo‘ldi.
Bishkek uchun endi savol “Rossiya benzini qimmatlashadimi?” emas, “Rossiyadan kelmay qolgan benzinning o‘rnini kim bosadi?”

Qirg‘iziston javobni tez izlamoqda. Mamlakat O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan. Belarus va Xitoydan ham import yo‘lga qo‘yilgan. Turkiya va Yevropa Ittifoqidan yonilg‘i olish masalasi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.Bundan tashqari, Bishkek o‘zining qayta ishlash imkoniyatini kengaytirishga urinmoqda. Yangi zavod yiliga qariyb 450 ming tonna neft mahsuloti ishlab chiqarishi va mamlakat ehtiyojining qariyb chorak qismini qoplashi kutilmoqda. Ya’ni Qirg‘iziston «bitta quduqqa qarab qolish» siyosatidan chiqishga urinmoqda.

Bu yerda muhim iqtisodiy saboq bor: tinch davrda eng arzon va qulay import manbai juda yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin. Ammo geosiyosiy inqiroz kelganda aynan o‘sha manbaga haddan tashqari bog‘liqlik strategik zaiflikka aylanadi.Tojikiston ham Rossiyadan keladigan yonilg‘iga qaramlikni kamaytirmoqda.2026 yil iyulida mamlakat Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan yonilg‘i importini iyun oyiga nisbatan uch baravar oshirib, 34 ming tonnaga yetkazdi. Shu davrda Rossiyadan benzin yetkazib berish deyarli ikki baravar qisqarib, 14 ming tonnadan biroz oshdi.

Dushanbe Qozog‘iston va Xitoy bilan qo‘shimcha yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Tojikiston Energetika vazirligi mamlakatdagi yoqilg‘i zaxiralari taxminan 60 kunga yetishini bildirgan.

Shunday qilib, Markaziy Osiyoda energetik diversifikatsiya endi xalqaro konferensiyalarda chiroyli eshitiladigan ibora emas.
O‘zbekistonning vaziyati Qirg‘iziston va Tojikistonga qaraganda ancha qulay. Mamlakat Rossiya energetikasiga nisbatan kamroq bog‘langan. O‘zbekistonda oyiga 100 ming tonnagacha neft mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu ichki ehtiyojning qariyb 60 foizini qoplaydi.
Ammo qolgan 40 foiz qayerdandir kelishi kerak. Shu sababli Toshkent Gruziya, Iroq va boshqa davlatlardan yonilg‘i importini kengaytirish imkoniyatlarini izlamoqda. Biroq “Rossiyaga kamroq bog‘liq” degani “Rossiyadagi inqiroz O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi” degani emas. Benzin narxlari buning o‘ziga xos javobini bermoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil may oyida benzinning o‘rtacha iste’mol narxi bir oyda 0,6 foizga, yillik hisobda esa 12 foizga oshgan. AI-92 narxi oy davomida 0,6 foiz, AI-95 0,8 foiz, AI-98 va AI-100 esa 1,6 foizdan qimmatlashgan. Propan narxi esa bir oyda 1,9 foiz, yillik hisobda 22,1 foizga oshgan.

29 iyun kuni birja savdolarida AI-92 benzinining bir tonnasi 13 million 919 ming so‘mdan sotildi. Demak, front chizig‘i minglab kilometr uzoqda bo‘lsa ham, uning iqtisodiy “o‘qi” zapravkadagi chekdan o‘tishi mumkin.

Muammo aviatsiyaga ham yetib bormoqda.Markaziy Osiyo orqali aviareyslar, jumladan Rossiyadan O‘zbekistonga parvozlar sonining ortishi aviakerosinga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu sababli O‘zbekiston ichki aviakerosin ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi yonilg‘i zaxiralari ikki-uch oyga yetadi. Bu yomon ko‘rsatkich emas. Ammo uzoq davom etadigan global yoki mintaqaviy uzilishlarga cheksiz vaqt bardosh berish uchun ham yetarli emas.Shu jihatdan Rossiyadagi vaziyat Markaziy Osiyo uchun oddiy iqtisodiy signal emas, balki ogohlantirishdir.

Qozog‘iston va Turkmaniston mintaqadagi boshqa davlatlardan farqli ravishda ichki neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini asosan o‘zlari qoplaydi. Shu sababli ular qo‘shnilarga qo‘shimcha yonilg‘i yetkazib berish imkoniyatiga ega. Lekin bu yerda ham bir muammo bor: Qozog‘istonning o‘z iste’moli mavjud.

Yoqilg‘i narxlaridagi farq esa uni chegaradan olib chiqishga urinishlarni kuchaytiradi. 5 iyul kuni Qozog‘iston moliya vaziri o‘rinbosari Yerjan Bijanov ikki sutka ichida mamlakatdan neft mahsulotlarini olib chiqishga bo‘lgan 61 ta urinish to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Yil boshidan esa umumiy hajmi 40 ming litrdan ortiq neft mahsulotlarini noqonuniy olib chiqishga urinish bilan bog‘liq 593 ta holat aniqlangan.
Iqtisodiyotning o‘ziga xos hazili shundaki, kontrabanda ham talab va taklif qonunlarini juda yaxshi tushunadi. Qayerda benzin arzon bo‘lsa, u yerda uni olib chiqishga qiziqish paydo bo‘ladi. Davlat esa chegaraga qo‘riqchi qo‘yadi.Rossiyaning o‘zi ham muammoni chetlab o‘tish uchun noodatiy variantlarni izlamoqda. Jumladan, Rossiya neftini Qozog‘istonda qayta ishlab, tayyor mahsulotni ichki bozorda sotish yoki Rossiyaga qaytarish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Mantiq oddiy: Ukraina dronlari Rossiyadagi zavodga yetib borsa, zavodni boshqa joyga ko‘chirishning o‘zi shart emas — neftni qo‘shniga olib borib, o‘sha yerda qayta ishlash mumkin. Shunday qilib, Rossiya o‘z neftini eksport qilib, Qozog‘istonda benzin ishlab, yana o‘sha benzinni sotib olishi mumkin.

Geosiyosat ba’zan shunday murakkablashadiki, «benzin qayerda ishlab chiqarildi?» degan savolga xaritadan ko‘ra Excel jadvali ko‘proq yordam beradi.
Bu jarayonning eng muhim jihati — Markaziy Osiyoning energetik xaritasi o‘zgarayotganidir. Qirg‘iziston Rossiyadan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus va Xitoyga qaramoqda. Tojikiston Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan importni oshirmoqda. O‘zbekiston Gruziya va Iroq kabi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqmoqda.

Bu Rossiyaning mintaqa yonilg‘i bozoridagi ulushini kamaytirishi mumkin. Energetika esa faqat neft yoki benzin savdosi emas. U siyosiy ta’sir vositasi hamdir.Agar bir davlat sizdan 90 foiz yonilg‘i olsa, siz uning uchun shunchaki sotuvchi bo‘lmaysiz. Siz uning energetik xavfsizligining muhim qismiga aylanasiz.

Ammo u davlat bir vaqtning o‘zida Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Belarus, Turkiya va boshqa manbalar bilan shartnomalar tuza boshlasa, sizning ta’siringiz ham kamayadi. Shu ma’noda Rossiyaning Ukrainadagi urushi faqat harbiy va siyosiy xaritani emas, energetik xaritani ham o‘zgartirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing