Yolg‘iz sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar e’lon qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston joriy yilda yolg‘iz sayohat qilish uchun dunyodagi eng yaxshi davlatlar reytingida 5-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Much Better Adventures” xalqaro sayohat platformasining yakkaxon sayohatchilar uchun mo‘ljallangan “Solo Travel Index 2026” reytingida keltirilgan.

Reytingda birinchi o‘rinni O‘zbekistonning qo‘shnisi Qirg‘iziston egallagan. Platforma mutaxassislari mamlakatning baland tog‘lari, yaylovlari, tog‘ ko‘llari, ko‘chmanchilar madaniyati va sayyohlar uchun gavjum bo‘lmagan yo‘nalishlarini alohida e’tirof etgan. Italiya, Yaponiya va Portugaliyadan keyingi 5-o‘rindan O‘zbekiston joy olgan. Ro‘yxatga jami 26 ta davlat kiritilgan.

Platforma mutaxassislari O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan, sayyohlar oqimi nisbatan kam va turistik infratuzilmasi rivojlangan yo‘nalishlardan biri sifatida baholagan.

Reytingda O‘zbekistonning AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy qilgani ham qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatda sayyohlar uchun qadimiy shaharlar, tog‘li hududlar va piyoda sayohat qilish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlangan.

Platforma ekspertlari O‘zbekistondagi Samarqand va Buxoro shaharlarini Ipak yo‘lining tarixiy chorrahalari sifatida alohida qayd etgan. Shuningdek, Nurota tog‘laridagi qishloqlar bo‘ylab piyoda yurish, mahalliy aholi bilan tanishish, an’anaviy o‘tovlarda tunash hamda Aydarko‘l bo‘yiga borish kabi yo‘nalishlar sayyohatchilar uchun qiziqarli ekani ko‘rsatilgan.

Reytingni tuzishda bir nechta mezon hisobga olingan. Jumladan, mamlakatdagi xavfsizlik darajasi, mahalliy restoranda bir kishilik ovqatning o‘rtacha narxi, Buyuk Britaniya va AQSH fuqarolari uchun kirish talablari, bio xilma-xillik, piyoda yurish yo‘nalishlari, sayyohlarning fikrlari hamda 2025–2026 yillardagi yakka sayohatlar bo‘yicha bron qilish tendensiyalari tahlil qilingan.

Biroq platforma “yakkaxon sayohat” tushunchasini odatiy ma’noda emas, kichik guruh tarkibida mustaqil sayohat qilish shaklida izohlagan. Ya’ni sayyoh yo‘l davomida mustaqilligini saqlab qoladi, shu bilan birga boshqa sayohatchilar bilan bir guruhda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida 3,5 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgani haqida xabar berilgandi. Bundan 1 547 589 nafar o‘zbekistonlik Qirg‘izistonga safar qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing