SEOA va SEN tugatilmoqda. Ularning merosxo‘riga 200 mln dollardan ortiq mablag‘ berilyapti

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etilayotgani haqida xabar bergan edik. 

Farmonga binoan Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etilayotganligi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatiladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari – tegishincha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, shuningdek ularning hududiy bo‘linmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi.

Hujjat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Davlat byudjetining 1,7 mlrd so‘m (hozirgi kursda taxminan 165 962 dollar ) va xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma va investitsiya banki) jalb qilingan 194,5 mln AQSH dollari mablag‘lari hisobidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tarkibiy tuzilmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, yuqori texnologiyali asbob-anjomlar, apparaturalar, jihozlar, maxsus texnika, sarflovchi va boshqa vositalar bilan ta’minlash belgilandi;

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xarid qilinayotgan asosiy vositalar, qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lganda lavozim maoshiga – 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lganda – 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalari:

bino va inshootlarini saqlash, shuningdek xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi;

rahbar xodimlarining ish haqi byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.

Natijada, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan amalga oshirilishi belgilanmoqda hamda ularning rahbarlari oylik maoshlari amaldagi 3 mln so‘mdan 5,5 mln so‘mgacha oshiriladi.

b) Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga moddiy-texnika bazasini yaxshilash va xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida aholiga pullik asosda (laboratoriya xizmati, sertifikatsiya, ekspertiza va boshqalar) xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;

v) Sanitariya-epidemiologiya xizmati Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan mablag‘lar, ularning sarflanish yo‘nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qiladi va o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.

Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari Maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalarining byudjetdan tashqari hisob raqamlaridagi barcha qoldiq mablag‘lari Jamg‘armaga to‘liq o‘tkaziladi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

•    sanitariya-epidemiologiya qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llanilgan jarimalar va jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 50 foizi (nazorat tadbirlari boshqa davlat organlari bilan birgalikda amalga oshirilganda, jarima hamda jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 25 foizi);

•    idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlarning 3 foizi;

•    Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

•    Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shu jumladan uy-joyni ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda;

•    Sanitariya-epidemiologiya xizmatining farmoyish berish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashda;

•    Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda;

•    Sanitariya-epidemiologiya xizmati oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etishda.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing