Ro‘yxatga olishda O‘zbekiston aholisi nega ko‘proq chiqqani aytildi
Bu qiziq
−
01 iyul 9381 2 daqiqa
Avvalroq, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi. Milliy statistika qo‘mitasi aholi soni nima uchun joriy hisob-kitoblardan ko‘proq chiqqaniga izoh berdi.
Joriy statistik hisob-kitoblar bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 38 236 704 nafar edi (2026 yil 1 yanvar holatiga). Farq 810 617 nafarni tashkil etdi.
Bildirilishicha, bu holat aholi soni sun’iy ravishda oshganini anglatmaydi. Aksincha, ro‘yxatga olish – mamlakatda muayyan sana holatiga haqiqiy yashab turgan aholini to‘liqroq qamrab olishga qaratilgan yirik statistik jarayon hisoblanadi.
Farq yuzaga kelishining asosiy sabablari quyidagilar bilan bog‘liq:
- joriy hisob-kitoblar odatda tug‘ilish, o‘lim va migratsiya bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlar asosida yuritiladi;
- aholining ichki harakati, yashash joyini o‘zgartirishi, vaqtincha boshqa hududda bo‘lishi yoki ro‘yxat ma’lumotlarining o‘z vaqtida yangilanmasligi hisob-kitoblarda farq keltirib chiqarishi mumkin;
- ro‘yxatga olish jarayonida uy xo‘jaliklari, turarjoylar va manzilli ob’ektlar bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aholidan yig‘ilgan;
- onlayn ro‘yxatga olish, OneID tizimi, planshetlar va geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanish qamrovni kengaytirishga xizmat qilgan;
- O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolar ham ro‘yxatga olingan.
Qo‘mitaga ko‘ra, xalqaro tajribada ham aholini ro‘yxatga olish natijalari joriy aholi hisob-kitoblaridan farq qilishi tabiiy holat hisoblanadi. Masalan, joriy aholi soni bilan ro‘yxatga olish natijalari o‘rtasidagi farq Kanadada +3,15 foiz, Qozog‘istonda +1,6 foiz, Rossiyada +1,12 foiz bo‘lgan. Ayrim davlatlarda esa ro‘yxatga olish natijalari joriy hisob-kitoblardan pastroq chiqqan: Belarusda -0,7 foiz, Avstraliyada -0,2 foiz.
O‘zbekistonda mazkur farq +2,1 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich xalqaro amaliyotda kuzatiladigan holatlarga mos bo‘lib, ro‘yxatga olish jarayoni aholi haqidagi ma’lumotlarni yanada aniqlashtirganini ko‘rsatadi.
Ko‘plab davlatlarda ro‘yxatga olish yakunlari keyingi yillar uchun aholi soni, tarkibi va hududiy joylashuvi bo‘yicha asosiy tayanch ma’lumot sifatida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda mamlakat aholisi soni so‘nggi 129 yil ichida qariyb 10 barobarga ko‘paygani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq muddat istiqomat qilayotgan 56 860 nafar xorijiy fuqaro ro‘yxatga olingan. Aholini ro‘yxatga olish jarayoni uchun qariyb 4,5 million AQSH dollaridan ko‘p mablag‘ sarflangan va bir nafar aholi uchun xarajat 0,12 AQSH dollarini tashkil etgan.
Live
Barchasi