Rustam Umarov birdaniga 3 o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi
Olam
−
01 Oktabr
12695Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Vazirlar Mahkamasiga o‘zining birdaniga uch nafar o‘rinbosarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Umarov Mudofaa vazirligi davlat kotibini ham ishdan bo‘shatish to‘g‘risida ariza bergan. U Ukraina Vazirlar Mahkamasiga Mudofaa vaziri o‘rinbosarlari – Stanislav Gayder (vazir devoni boshlig‘i lavozimiga o‘tadi), Aleksandr Sergey, Yuriy Jigir va davlat kotibi Lyudmila Daraganni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi taqdimnomani imzolagan.
“Yangi tayinlovlar, jumladan vazir o‘rinbosarlari haqida alohida ma’lumot beraman”, deydi Umarov.
Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenkoga ko‘ra, vazir o‘rinbosarlarini ishdan bo‘shatish tartibi hukumat yig‘ilishida bugun, 1 oktyabr kuni yakunlanadi.
“Tartibga ko‘ra, Umarov Vazirlar Mahkamasiga o‘z o‘rinbosarlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risida taklif kiritdi. Vazirlar Mahkamasi esa bugun yig‘ilish o‘tkazishi rejalashtirilgan”, deydi deputat.
Ma’lumot uchun, Umarov iste’foga chiqishi haqidagi mish-mishlar tufayli lavozimga tayinlanganidan beri eng katta kadr o‘zgarishlarini amalga oshirmoqda. 29 sentyabr kuni Ukraina Telegram-kanallarida yaqin kelajakda Mudofaa vaziri frontdagi muammolar tufayli ishdan bo‘shatilishi va uning o‘rniga Raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fyodorov tayinlanishi haqida ma’lumot tarqaldi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Umarov bilan birga harbiy razvedka rahbari Kirill Budanov ham iste’foga chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba iste’foga chiqib, Tashqi ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiga uning lavozimini egallagan edi.
LiveBarchasi