Rustam Azimov Karimov va Mirziyoyev davrini taqqosladi
Jamiyat
−
15 Oktabr 2021
51236O‘zbekistonning sobiq Bosh vazir o‘rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimov mamlakatda kutilayotgan navbatdagi Prezident saylovi arafasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan faoliyat yuritgan yillari va Shavkat Mirziyoyevning islohotlari haqida chiqish qildi. Uning O‘zAda chop etilgan maqolasida Karimov va Mirziyoyev rahbarlik qilgan yillardagi O‘zbekiston qiyosiy tahlilga olinadi.
“Vatanimiz Mustaqilligining 30 yillik shodiyonalari, bayram shukuhi hali-hamon viloyatlar, shahar va qishloqlarimizda kechayotgan bir paytda oxirgi 30 yil mobaynida mamlakatimizda bo‘lgan misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ko‘z oldimdan o‘tdi.
Ayniqsa, oxirgi 5 yilda davlatimizning yanada rivojlanib, xalqimiz tinchlik va totuvlikda, barqarorlik va kelajakka ishonch bilan yashayotganini ko‘rib, avvalambor Allohga shukurlar aytamiz.
Bu dunyoda hamma narsa nisbiy. Atrofga nazar tashlasak, qo‘shni mamlakatlarda bo‘layotgan notinchlik, beqarorlik, nizo va qarama-qarshiliklarni, qon to‘kilishlarni, bir millat vakillarining bir-biriga zid bo‘lganini ko‘rib, yana bir bor davlatimizda hukm surayotgan osoyishta hayot eng katta yutug‘imiz va baxtimiz, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmadi, albatta. Mustaqillik e’lon qilingan birinchi kunlardagi qiyinchiliklar, respublika omborlarida bir haftaga yetar-yetmas don qolgani yoki neft tanqisligi, bu muammolarni hal etish, ya’ni chet davlatdan sotib olish uchun valyutamiz yo‘qligi, undan keyin Toshkentda terroristlar tomonidan sodir etilgan portlashlar, Namangan va boshqa hududlardagi fojiali voqealar... Shularni eslaganda, avvalambor, Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga asos solgan inson sifatida ko‘z oldimizga keltirishimiz tabiiydir”, deb gap boshlaydi Azimov.
U Prezident Karimov bilan ishlagan yillari o‘zi uchun juda katta maktab va sinov bo‘lganini aytdi.
“Birinchi Prezidentimizning qo‘l ostilarida 25 yil ishlash men uchun juda katta ham maktab, ham sinov edi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘ta talabchan inson edilar. Lekin ular ushbu talabchanlikni oldin o‘zlariga qaratar, keyin qo‘l ostida ishlaydiganlardan talab qilar edilar.
U insonning qilgan ishlariga Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirmonovich Mirziyoyev juda to‘g‘ri va odilona baho berdilar.
Shu o‘rinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi kunda dunyoda rasman 200 dan ziyod mustaqil davlat bor, lekin aslida ko‘pchiligining mustaqilligi qog‘ozda, ya’ni sun’iy, chunki ular siyosiy, iqtisodiy yoki xavfsizlik jihatidan u yo ki bu davlatga tobe va, afsuski, ularning taqdiri o‘z poytaxtlarida emas, balki boshqa poytaxtlarda hal etiladi. O‘zbekiston ulardan farqli o‘laroq, 25 yil ichida haqiqiy mustaqillikka ega bo‘ldi”.
Azimovga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ushbu o‘ta tahlikali va murakkab davrda O‘zbekiston istiqlolini nafaqat ko‘z qorachig‘idek asramoqda va himoya qilmoqda, balki tez sur’atlar bilan har tomonlama mustahkamlab bormoqda.
“Hayot shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Zamon, shu bilan birga talablar, mezonlar o‘zgarmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida keyingi 5 yilda bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘ylaganda odam hayratda qoladi.
2017 yildan boshlab Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar boshlangan bo‘lsa, mazkur amalga oshirilayotgan islohotlarni faqatgina sanab o‘tishning o‘ziga bir kun kamlik qiladi”, deydi Azimov.
Eslatib o‘tamiz, Rustam Azimov 1991—1998 yillarda Milliy bank rahbari, 2000—2002 yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vaziri, 2003—2005 yillarda Iqtisodiyot vaziri, 1998—2000 yillarda va 2005—2016 yillarda Moliya vaziri, 2007—2016-yillarda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, 2016—2017 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Bu sohada o‘rtacha 40 yillik tajribasi bor.
U Prezident Karimov vafotidan so‘ng 2016 yilning 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Prezident vakolatlarini Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan Shavkat Mirziyoyevga yuklashni yoqlab, ma’ruza qilgan edi.
LiveBarchasi