Rustam Azimov Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishi mumkin...mi?
Tahlil
−
25 yanvar 2020
51567Avvalroq, sobiq Bosh vazir o‘rinbosari – Moliya vaziri Rustam Azimov kecha, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis palatalariga yo‘llangan murojaatnomada tinglovchi sifatida ishtirok etgani haqida xabar bergan edik.
Ikki yarim yil rasmiy tadbirlarda ko‘rinish bermagan Azimovning yana Hukumatga qaytishi haqidagi masala ayni vaqtda jamoatchilik orasida kun tartibida turibdi. Xo‘sh, agar u yana Hukumatga qaytarilsa, qaysi lavozimni egallashi mumkin.
Ma’lumki, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumatning yangi tarkibini tasdiqladi. Farmonga ko‘ra, Hukumatdagi uchta lavozim bo‘sh qoldi. Bular:
• Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
• Bosh vazirning ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
• Favqulodda vaziyatlar vaziri.
Rustam Azimovning iqtisodiyot va moliya sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, xalqaro munosabatlarda orttirgan maktabi va imkoniyatlari, xorijiy tillarni bilishi va muloqotga kirisha olishini inobatga olsak, u katta ehtimol bilan Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallashi mumkin.
Nima uchun aynan investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi?
Rustam Azimovning iqtisod va bank-moliya sohalarida ko‘p yillik tajribasi mavjud. O‘zbekistonda esa ayni vaqtda bu sohalarda qator muammo va kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Davlat rahbari sohada ildiz otgan korrupsiyani bir necha bor tanqid qildi. Bu tanqidlarning asosiy qismi Azimov Moliya vaziri bo‘lib ishlagan davrlarga borib taqaladi. Qolaversa, sohada kadrlar taqchilligi mavjud. Bu ham uning rivojlanishida eng katta g‘ov bo‘layotgan unsurlardan biri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti. Ammo natijalar hali maqtangulik emas. Davlat rahbari deyarli har bir chiqishida investorlarga sharoit yaratish, biznesda qonuniylikni ta’minlash, qolaversa, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish masalasiga to‘xtalmoqda. Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Sodiq Safoyev nomzodini ilgari surarkan, Safoyev xalqaro munosabatlarni yuritish, investorlar bilan muloqot qilish tajribasi yuqori ekanini aytgandi. Kechagi murojaatnomada ham investorlar, O‘zbekistonning jahon bozoriga chiqishi, tranzit, integratsiya, inflyatsiya, YeOII, JSTga a’zo bo‘lish masalalariga alohida to‘xtaldi. Mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish ustuvor masala ekanini ta’kidladi. Shuning uchun ham O‘zbekistonga bugungi talablarni tushunadigan va xalqaro maydonda obro‘-e’tiborga ega, til topisha oladigan menejer-kadrlar kerak. Ammo bu kadrlarni topish va yetishtirish oson ish emas. Prezident Mirziyoyev esa kechiruvchan, mamlakat ravnaqi yo‘lida kadrlarga imkon berishni biladigan rahbar. Shu ma’noda u yana Azimovga imkon berishi mumkin, degan ehtimol ham mavjud. Har holda kechagi yig‘ilish va Azimovning undagi ishtiroki shunga signal berayotgandek.
Azimovga kelsak, u 1991—1998 yillarda Milliy bank rahbari, 2000—2002 yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vaziri, 2003—2005 yillarda Iqtisodiyot vaziri, 1998—2000 yillarda va 2005—2016 yillarda Moliya vaziri, 2007—2016-yillarda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, 2016—2017 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Tabiiyki, bu sohada o‘rtacha 40 yillik tajribasi bor.
Bugungi kunga kelib Rustam Azimov 2017 yilning iyul oyidan buyon bir vaqtlar o‘zi boshchiligida tashkil topgan “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Azimov Bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ketishidan avval O‘zbekiston va Turkiya hukumatlararo qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi majlisi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi Rustam Azimov ishtirok etib, 2 milliard dollarlik shartnomani imzoladi.
Shulardan kelib chiqib Azimov Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi mumkinmi, degan taxminlar tobora kun tartibiga chiqmoqda.
LiveBarchasi