Rustam Azimov Hukumatga qaytadimi? U bugun Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda qatnashdi
Jamiyat
−
24 yanvar 2020
53889O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh vazir o‘rinbosari – Moliya vaziri Rustam Azimov Hukumatga qaytishi mumkinmi? Ushbu savol bugun jamoatchilik orasida dolzarb bo‘lib turibdi. Ishdan ayrilgandan buyon davlat yig‘inlarida ko‘rinish bermay qo‘ygan sobiq mulozim bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasini tinglovchilar qatoridan o‘rin oldi.
QALAMPIR.UZ kameralari Rustam Azimovni payqadi. U pul siyosatining hozirgi asosiy figurantlari bilan juda yaqin aloqada ekani suratlardan ma’lum. Jumladan, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bilan samimiy muloqot qilgan Azimovni qoraygan sochlari bilan ko‘pchilik yo eslay olmadi, yo payqamadi.
Rustam Azimov va Mamarizo Nurmuratov
Rustam Azimov 2016 yilning 15 dekabr kuni Moliya vaziri lavozimidan ketgan edi. So‘ng uning o‘rnini Botir Xo‘jayev egalladi. Oradan olti oy o‘tib, 2017 yilning 6 iyul kuni Bosh vazirning o‘rinbosari – Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksining rahbari lavozimidan ham ozod etildi.
Shu kunning o‘zida Azimov “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Bosh direktori etib tayinlandi. Shundan buyon u rasmiy tadbirlarda ko‘rinish bermadi, OAVda chiqish qilmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor o‘z chiqishlarida Moliya vazirligining sobiq xodimlari faoliyatini qattiq tanqid qilgandi.
Oradan ikki yarim yil o‘tib, Azimov yana omma qarshisida namoyon bo‘ldi. Balki jamoatchilik orasida tarqalgan gaplar bejiz emasdir.
Suratlar muallifi Bahodir Ahmedov
LiveBarchasi