Rossiya va Belarus sportchilari Olimpiadada qatnashsa, Ukraina “o‘yindan chiqadi”
Sport
−
15 avgust 2023
52152024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilari ishtirok etsa, Ukraina va 35 davlatdan iborat koalitsiya musobaqani boykot qilishga tayyor. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.
“Ukraina bu borada qat’iy pozitsiyada. Halol sport uchun kuchli xalqaro koalitsiya tuzildi, unga 35 ta davlat kiradi. Agar Rossiya va Belarusga musobaqada qatnashishga ruxsat berilsa, biz birgalikda Parijdagi Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishga tayyormiz”, deydi Shmigal.
Shmigalning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Moskva va Minskni Olimpiadadan chetlatishini kutmoqda.
Yoshlar va sport vaziri Vadim Gutsayt esa Rossiya va Belarus sportchilari bo‘lajak Olimpiadada neytral maqomda qatnashsa ham, Ukraina sportchilari to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. Keyinroq u Ukrainaning “Strana” nashriga gaplari noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi.
“Rossiya va Belarus sportchilariga hatto neytral bayroq ostida ham Olimpiadada ishtirok etishi mumkinligi haqidagi qaror hali qabul qilinmagan. Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi Olimpiya harakati sub’ektlari bilan maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda”, deydi Gutsayt.
Uning ta’kidlashicha, ko‘plab xalqaro federatsiyalar rossiyalik va Belarus sportchilarining musobaqalarga qo‘yilishiga qarshi va Ukraina ham bu pozitsiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
2022 yil fevralida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) xalqaro federatsiyalarga Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiya va belaruslik sportchilarni musobaqalarda ishtirok etishini cheklash bo‘yicha tavsiya berdi. 2023 yil mart oyi oxirida XOQ Rossiya va belaruslik sportchilarga xalqaro musobaqalarda faqat neytral sportchi sifatida, Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamagan holda qatnashishni tavsiya qildi. Qurolli kuchlar va xavfsizlik organlariga aloqador sportchilarni esa musobaqalardan chetlatish tavsiya qilindi.
Ma’lumot uchun, Olimpiya o‘yinlari 2024 yilning 26 iyulidan 11 avgustiga qadar Parijda bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi