Fransiya uzra yoyilgan g‘alayon: namoyishchilar nima istamoqda?
Tahlil
−
19:53 1003 7 daqiqa
Fransuzlar tarixan hukumat va tizimga talabchan millat, ular uchun ko‘chaga chiqib hukmdorlariga qarshi namoyishlar qilish, siyosiy qarorlarga e’tiroz bildirish yangilik emas. Go‘yoki bo‘ysunmaslik, isyonkorlik ularning qon-qoniga singib ketgandek.
Bugun ham Parij ko‘chalari plakatlar ko‘targan, yashash sharoitlari, inflyatsiya va umuman mavjud iqtisodiy hayotdan norozi insonlarga to‘lib-toshgan. Biroq odatda fransuzcha namoyishlar aksar Yevropa mamlakatlaridagidek tinch va shunchaki ko‘cha yurishlari bilan tugamaydi. Bu galgi noroziliklar ko‘lami ham, ko‘chalardagi zo‘ravonliklar ham ushbu an’ananing davomi deyish mumkin.
Maktab o‘quvchilarining ta’limdagi muammolarga e’tirozidan boshlangan protestlar endi butunboshli mamlakat ijtimoiy hayotidagi muammolarga qarshi tus oldi. Tashqaridan serhasham, fusunkor ko‘rinuvchi “fransuzcha hayot tarzi” ortida turgan ijtimoiy tengsizlik, yashash xarajatlarining qimmatligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi nuqsonlar nihoyat otilib chiqdi.
Parij alanga ichida
17 oktyabr kuni Parij ko‘chalarida boshlangan namoyishlar kechga borib tajovuzkor tartibsizliklarga aylanib ketdi. Respublika maydoni va uning atrofidagi ko‘chalarda politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalanyapti, qora kiyimdagi, yuzlarini niqob bilan yashirgan guruhlar esa do‘konlar vitrinalarini sindirib, savdo nuqtalarini talon-toroj qilmoqda. “Reuters” axborot agentligi xabariga ko‘ra, ayrim hududlarda namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan, ko‘chalarda avtomobillar va boshqa buyumlar yoqib yuborilgan.

Internetda Parijdagi tartibsizliklar va olomonning qator taniqli brendlar do‘konlariga hujumlar uyushtirayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda. “LiFO” nashri xabarlariga ko‘ra, namoyishchilarning bir qismi Dior, Louis Vuitton, Hermès va boshqa mashhur brendlar do‘konlariga hujum qilib, tovarlarni o‘g‘irlab ketgan. Ayrim guruhlar vaziyatdan foydalanib, turli savdo nuqtalariga bostirib kirgan va tovarlarni olib ketgan. Shuningdek, hujumlar nafaqat qimmatbaho buyumlar do‘konlari, balki texnika do‘konlari, nonvoyxonalar va supermarketlarda ham kuzatilgan. CELINE, Dior, Burberry va Louis Vuitton brendlarining do‘konlariga hujumlar tasvirlangan suratlar tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar buni vandalizm desa, yana ba’zilar ijtimoiy tengsizlikdan charchagan kambag‘al qatlamning “ruhiy portlashi” deb talqin qilmoqda.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes 18 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab qariyb 1 800 kishi hibsga olinganini, ularning deyarli yarmi Parijda qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Mamlakat miqyosida politsiya xodimlari, jandarmlar va o‘t o‘chiruvchilardan 500 nafardan ortig‘i jarohatlangan. Shu bilan birga, politsiyaning kuch ishlatish usullari ham tanqid ostida qolmoqda: Ichki ishlar vazirligi 13 oktyabrda e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, maktab o‘quvchilari noroziliklari boshlanganidan buyon politsiya zo‘ravonligi bo‘yicha 36 ta tekshiruv ishi ochilgan.
Qisqa qilib aytganda, dunyoda yiliga eng ko‘p turist tashrif buyuradigan Parij ko‘chalari bugun yana bir bor namoyishchilar va politsiya to‘qnashuvi, barrikadalar hamda yonayotgan avtomobillarga to‘lgan.
Fransiya uzra yoyilgan g‘alayon
Nafaqat Parij, balki butun Fransiya bugun daromadlar notengligi, oqsab qolgan ijtimoiy sohalar va yashash narxlarining qimmatlashganidan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqqan. Limoj shahrida tarixiy hokimiyat binosi yoqib yuborilgan, Marselda namoyishchilar ma’muriy binoga bostirib kirgan, Lionda esa sayyohlik idorasiga o‘t qo‘yilishi oqibatida zarar yetgan. Lill va Nitssada ham savdo nuqtalariga hujumlar qayd etilgan.

Mamlakat markazidan g‘arbroqda joylashgan Limoj shahrida yuz bergan voqea namoyishlarning butkul jilovdan chiqib ketganini ko‘rsatadi. 17 oktyabr kuni niqobli shaxslar shahar hokimiyati binosiga o‘t qo‘yib yuborgan. XIX asrda qurilgan, 1883 yildan buyon tarixiy meros ob’ekti sifatida muhofaza qilingan ushbu bino ikki jahon urushini boshdan kechirgan bo‘lsa-da, tartibsizliklar vaqtida jiddiy zarar ko‘rdi. Binoning 43 metrli soat minorasi qulab tushgan, internetda tarqalgan suratlarda inshootning katta qismi vayron bo‘lgani tasvirlangan. Shahar meri Giyom Geren hujum oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Kechagi shahar hokimiyatiga qilingan hujum ortidagi logistika, tashkiliy ishlar, oldindan rejalashtirilganini ko‘rib, qabul qila olmayapman. Mamlakatning ahvoli yomon, bu mamlakatning ahvoli juda yomon va buni sizga provinsiyadagi kichik bir shahar meri aytmoqda”, deydi u.
Mahalliy aholi uchun bu nafaqat davlat binosiga qilingan hujum, balki shahar tarixining muhim qismiga yetkazilgan zarar ham bo‘ldi. Fransiya matbuoti xabarlarida hodisa 2019 yilda Parijdagi Notr-Dam soborida yuz bergan yong‘in bilan qiyoslanmoqda.
.jpg)
Marselda ham tartibsizliklar avjida. Namoyishchilar shahar hokimiyati binosiga bostirib kirib, uning devorlariga turli yozuvlar qoldirgan. Bir guruh namoyishchilar shaharda joylashgan savdo majmualariga hujum uyushtirgan. Lionda esa shaharning sayyohlik idorasi yoqib yuborilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Lill shahrida ham savdo nuqtalariga hujumlar sodir etilgan. Shahar meri Arno Delandning ma’lum qilishicha, shaxslar shahar markazidagi Apple Store do‘koniga bostirib kirgan. Nitssada esa sport kiyimlari sotiladigan do‘konlar va mototsikllar savdosi bilan shug‘ullanuvchi markaz talon-toroj qilingan.
Umuman olib qaraganda, bugun Fransiyada hech bir shahar yo‘qki, namoyishlar ovozasi yetib bormagan. Butun mintaqa bo‘ylab tartibsizliklar, zo‘ravonliklar va vandalizm avj olgan.
Hukumat munosabati
Fransiyada 2026 yil sentyabr oyida maktab o‘quvchilarining ta’lim sharoitlariga qarshi noroziligi bilan boshlangan namoyishlar oktyabr oyiga kelib hukumatning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatiga qarshi keng ko‘lamli harakatga aylandi. 17 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarda Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 550 ming kishi qatnashgan, mamlakatning yetakchi kasaba uyushmalaridan biri – CGT esa ishtirokchilar sonini 800 ming deb baholamoqda. Harakatga maktab va universitet talabalari, o‘qituvchilar, kasaba uyushmalari hamda 2018 yildagi “Sariq nimchalar” harakati tarafdorlari qo‘shilgan.
Norozilikning dastlabki sababi maktablardagi o‘qituvchilar yetishmovchiligi, sinflarning haddan tashqari to‘lib ketishi, eskirgan binolar va ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘larning kamligi bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik norozilik talablari kengayib, yoqilg‘i va kundalik iste’mol mahsulotlari narxining oshishi, ish haqi va pensiyalar, davlat xizmatlarini moliyalashtirish hamda ijtimoiy tengsizlik masalalarini ham qamrab oldi.
17 oktyabrdagi namoyishlar hukumatning 2027 yilgi byudjet rejalariga qarshi norozilik bilan ham bog‘liq. Hukumat byudjet taqchilligini kamaytirish maqsadida 54 milliard yevrolik xarajatlarni qisqartirish va soliq choralarini o‘z ichiga olgan rejani ilgari surgan. Kasaba uyushmalari esa davlat xizmatchilari ish haqi hisob-kitobida qo‘llanadigan tarif shkalasining muzlatilishi, davlat xizmatlariga ajratiladigan mablag‘larning qisqarishi va xarajatlar aholi zimmasiga tushishidan norozi. Namoyishchilar ta’lim va sog‘liqni saqlashga ko‘proq mablag‘ ajratish, o‘qituvchilar sonini oshirish, maktab va universitetlardagi sharoitlarni yaxshilash, ish haqi va pensiyalarni oshirish hamda aholining xarid qobiliyatini himoya qilishni talab qilmoqda.
Fransiya Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu namoyishchilarning tinch yo‘l bilan talab bildirish huquqini inkor etmagan, biroq tartibsizliklar va zo‘ravonlikka keskin munosabat bildirgan.
“Ushbu zo‘ravonliklardan prezidentlik saylovlari oldi shunchaki chalg‘ituvchi mashq sifatida foydalanmoqchi bo‘layotganlarga ochiqchasiga aytaman: biz o‘zimizni qo‘rqitishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Hech kim o‘z siyosiy kun tartibini zo‘ravonlik orqali o‘tkaza olmaydi”, deb yozdi u X tarmog‘idagi postida.
Lekornyu tartibsizliklar ortida o‘ta so‘l guruhlar va jinoyatchilar turganini aytib, voqealardan kelgusi prezidentlik saylovlari oldidan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlarni qoraladi. Shuningdek, vazir mamlakat bo‘ylab 1 200 kishi hibsga olinganini va 150 nafardan ortiq politsiya xodimi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Prezident Emmanuel Makron ham 18 oktyabr kuni telemurojaatida namoyishlar davomida yuz bergan talon-toroj va vandalizm holatlarini keskin qoraladi. U zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmasligini aytib, tartibsizliklarda qatnashganlar javobgarlikka tortilishini bildirdi.
“Biz barchamiz tartibsizlik urug‘ini seyuvchilarga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib turamiz. Ularning yagona maqsadi – davlat institutlarimizga putur yetkazish hamda o‘z talablarini tinch yo‘l bilan bildirishni xohlayotganlarga xalaqit berishdir”, deb yozdi u.
Makron, shuningdek, namoyishlar oldidan razvedka ma’lumotlarini yig‘ish yoki politsiya tayyorgarligida kamchiliklar bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirishni buyurganini ma’lum qildi. Prezident yana hukumatga talabalar, o‘qituvchilar, parlament a’zolari, kasaba uyushmalari va tadbirkorlar vakillarini bir stol atrofida yig‘ib, inqirozga doir aniq takliflar ishlab chiqishni topshirganini ma’lum qilgan.
Muxtasar qilib aytganda, mamlakat uzra tarqalgan g‘alayon hukumatni ham, tinch aholining o‘zini ham xavotirga solmoqda. Go‘zallik, sevgi-muhabbat yoki moda bilan bog‘lanuvchi Fransiya bugun uzoq yillik noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat jabrini tortmoqda.
Live
Barchasi