Rus siyosatdonlari O‘zbekistonni ham Ukrainadagi urushga tortish haqida gapira boshladi

Olam

image

Avvalroq, Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari vatandoshlarini rasmiy Moskvaga yordam berish uchun Ukrainadagi urushga jalb qilgani haqida xabar bergandik. 

Mazkur holatdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida ko‘ngilli batalonlar tuzish va/yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi hamda bu harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi. 

Shunga qaramasdan, Rossiya Federatsiyasi parlamenti quyi palatasi deputati Yevgeniy Fyodorov “Govorit Moskva” radiosi bilan suhbatda Perm o‘zbeklarini qo‘llab-quvvatlashini aytib, ushbu mamlakat fuqarolarini “Vatan sarhadlarini tiklash”da ishtirok etishga chaqirdi. Uning so‘zlaridan kelib chiqadiki, Rossiya sobiq SSSR hududlariga da’vo qilishni boshlagan. 

“Bizning barcha bobolarimiz, shu jumladan o‘zbekistonlik bobolar ham yagona Vatan uchun jon fido qilgan – ular Moskva, Berlin, Kiyev va Stalingrad yaqinida jang qilgan. Oddiy, adekvat bo‘lgan odam bobosi ishini davom ettirishi mutlaqo normaldir. Yo‘qsa, bu Vatan yana natsistlar tomonidan bosib olinadi. Insonning Vatanni ozod qilish va tiklash jarayonida ishtirok etishi odatiy holdir. Hozir faqat maxsus operatsiya emas, balki Vatan sarhadlarini tiklash bo‘yicha operatsiya o‘tkazilmoqda. Panfilov diviziyasi  – [Ikkinchi jahon urushi paytida tuzilgan] asosan, o‘zbeklardan iborat bo‘lgan, ular Moskva ostonalarida jang qilgan. Dviziya a’zolarining yarmidan ko‘pi halok bo‘lgan. Ular qahramonlar. Shunday qilib, biz mutlaq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbek Hukumati esa o‘z vaqtida qonuniy tomonini tushuntirdi”, deydi Yevgeniy Fyodorov.

Shuningdek, deputat Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiya tarkibiga qo‘shish zarur deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.

“Biz Ukrainadagi ushbu operatsiyani Vatanni tiklash operatsiyasi sifatida rasmiylashtirishimiz, 1991 yilda Ukrainaning SSSR tarkibidan chiqish haqidagi noqonuniy qarorlarini bekor qilishimiz kerak. Bu Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlari – noqonuniy. Shu asnoda O‘zbekiston ham bu operatsiyani xalqaro nuqtai nazardan o‘ziniki sifatida tan olishi uchun u bilan ish olib borishimiz lozim. Ular ko‘ngillilar. Ular Rossiyaning qahramonlari. Toshkentda tug‘ilganining farqi yo‘q. Agar siz Vatan uchun kurashsangiz, Rossiya qahramoni bo‘lishingiz mumkin. Konstitutsiyaga ko‘ra, Rossiya Sovet Ittifoqining huquqiy vorisi hisoblanadi. Bu yerda siz faqat masalaning huquqiy qismiga yo‘naltirishingiz kerak. Xalqaro huquqni nafaqat Konstitutsiyamiz nuqtai nazaridan, balki munosabatlarimizning butun tizimi, shu jumladan Ukraina hududidagi harbiy operatsiya prizmasi nuqtai nazaridan ham tiklang”, deydi rus siyosatdoni.

Yevgeniy Fyodorovning so‘zlaridan tushunish mumkinki, rasmiy Moskva SSSRning yoki Rossiya Imperiyasining hududlariga da’vo qilishni boshladi. Chunki u ochiq-oydin Ukrainadagi bosqinni “harbiy operatsiya” emas balki “Vatan sarhadlarini tiklash” deb atadi. Uning gaplaridan tushunilishicha, go‘yo Rossiya O‘zbekistonni hali ham o‘zining mustamlakasi deb o‘ylayapti.

Ma’lumot uchun, 1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston tarixidagi eng muhim hujjat – Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan. 1991 yil 31 avgust kuni esa O‘zbekiston rasman mustaqil davlat deb e’lon qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

1974

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing