Rus hukumatining bosh maddohini qiynab qo‘yibmiz – Alisher Qodirov Solovyovga javob qaytardi

Jamiyat 28075
image

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov o‘zining SSSR bayrog‘i, o‘zbek tili va boshqa mavzularda bildirgan fikrlariga izoh qoldirgan rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning iddaolariga munosabat bildirdi.

Gap shundaki, rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov “To‘liq aloqa” teleko‘rsatuvida o‘zbekistonlik bloger Islom Kaparzo bilan suhbatlashgan. Ko‘rsatuv davomida Solovyov Alisher Qodirov tomonidan keskin tanqidga uchragan Toshkentdagi konsenrtda ko‘tarilgan SSSR bayrog‘iga to‘xtalib o‘tgan. U shuningdek, boshlovchi “Milliy tiklanish” partiyasi Turkiya tomonidan moliyalashtiriladimi va u Rossiyaga qarshimi degan savol bergan. Bundan tashqari, Solovyov O‘zbekiston to‘liq o‘tishni maqsad qilgan lotin yozuviga ham “yopishgan”.

“Belarus ko‘p vektorni “o‘ynadi”, ko‘ring nima bo‘ldi, O‘zbekiston murakkab mintaqada joylashgan...”, degan Solovyov tahdidomuz ohangda.

Alisher Qodirov Solovyovga bergan javobida uni qiynab qo‘yganini va u qonunni bilmasligini aytgan.

“Rus hukumatining bosh maddohini qiynab qo‘yibmiz. Qiziq, Rossiyada partiyalar davlatdan mablag‘ olmaydimi? Yoki Solovyov qonunlarini bilmaydimi?”, degan Qodirov.

Siyosatchi boshlovchining SSSR bayrog‘i haqidagi fikrlariga ham javob bergan va Sobiq ittifoq bosqinchi bo‘lganini eslatib qo‘ygan.

“(Moskvadagi – tahr.) Qizil maydonda o‘zbek bayrog‘ini ko‘targanlar badarg‘a qilindi, qonxo‘r mustamlakachi bayrog‘ini ko‘rib ko‘zimizga yosh kelishi kerakmi? Jahon urushi boshqa masala, fashizmni yengish uchun fido qilingan o‘zbek joni Qodiriy va Cho‘lpon qoni to‘kilgan bayroqsiz ham qadrlanadi!”, degan partiya yetakchisi boshlovchiga javoban.

Qodirov Solovyov doimiy ravishda Ukraina mavzusini kavlashtirish bilan ovora ekaniga ishora qilib, uni bu mavzudan yiroqlashtirib, asabiga tegishga muvaffaq bo‘lganini yaxshi natija deb baholagan.

“Ukraina g‘iybatidan ortgan Solovyov asabini buzgan bo‘lsak, demak to‘g‘ri yo‘ldamiz. Umuman, nega bular sovet bayrog‘ini himoya qilishadi? Bayroqda nafaqat o‘zbeklar, rus ziyolilarining ham qoni borku? Balki, madhiyadek bayroqni ham o‘zgartirishmoqchidir?”, deydi Alisher Qodirov.

Siyosatchi so‘zi so‘ngida Rossiyada nima bo‘lishining unga ahamiyati yo‘qligini urg‘ulab, shunday degan:

“Bilganingizni qiling, bizni tinch qo‘ying! O‘zbek bayrog‘i qiyomatgacha o‘zgarmaydi!”

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 may kuni Toshkentning “Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘tkazilgan konsert dasturida SSSR bayrog‘i ko‘tarildi. Holat jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. 

Alisher Qodirov bu holatni o‘zbekistonliklar uchun haqorat ekanini ta’kidlab, Bosh prokuraturadan holatni o‘rganib chiqishini so‘radi. Ammo na Bosh prokuratura, na IIV va na boshqa idora bu holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot berdi yoki aniq natijalarni e’lon qildi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1048
Reyting: 3
t
×