Ro‘molini yechmagan o‘quvchini do‘pposlagan direktorga chora ko‘rildi
3-sahifa
−
30 iyul
12433Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabda direktor ro‘molini yechmasligini aytgan o‘quvchi qizni do‘pposlagani haqida xabar berilgandi.
Maktab direktori jarimaga tortildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish materiallari jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Maktab direktori R.Q. (ayol kishi) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41- moddasi (Haqorat qilish) hamda 52-moddasi 2-qismi (Yengil tan jarohati yetkazish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan BHMning 10 barobar miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Yuqoridagi javobgarlikka sabab bo‘lgan hodisa joriy yilning 17 may kuni sodir bo‘lgan. Maktabdagi algebra darsida sinfdosh o‘quvchilar o‘zaro tortishgan. Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng, sinf xonasiga maktab direktori kirib kelgan. Algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan. Maktab direktori qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashganini, maktabga nega diniy libosda ro‘mol o‘rab kelganligini so‘rab, ro‘molni yechishini aytgan. Qiz esa maktab direktoriga gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini bildirgan. Shundan so‘ng direktor qizni urib, unga jarohat yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktabda singlisiga sevishini aytgan bolani “samosud” qilgan erkak qamalgani xabar qilingandi.