Ruminiyaga bir hafta ichida ikkinchi marta rus dronlarining parchalari tushdi
Olam
−
10 Sentabr 2023
4144Kecha, 9 sentyabr kuni Ukrainaning Izmail shahri yaqinida joylashgan Plauru qishlog‘idan ikki yarim kilometr uzoqlikda Rossiya armiyasi ishlatganiga o‘xshash dron parchalari topilgan. Bu haqda Ruminiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ruminiya harbiylari dron qoldiqlari tushgan hududni o‘rab olgan, topilgan parchalar tahlil va texnik ekspertiza uchun topshiriladi.
“Milliy mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasi tomonidan Dunay daryosidagi Ukraina portlarida fuqarolik infratuzilmasining ayrim ob’ektlariga qilingan hujumlarni keskin qoralaydi. Bu hujumlar asossiz va xalqaro gumanitar qonunlarga jiddiy ziddir, chunki ular urush jinoyatlarini tashkil etadi”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Vazirlikka ko‘ra, Ruminiya harbiylari hushyor holatda va ittifoq tuzilmalari bilan ham aloqada bo‘lib, ular bilan real vaqt rejimida ma’lumotlar almashiladi.
Ruminiya hukumati Plauru qishlog‘i Ukrainaga yaqinligi sababli aholini evakuatsiya qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Mamlakat Mudofaa vazirligi shu hafta boshida Rossiya dronining qismlari 4 sentyabr kuni Ruminiya hududiga qulaganini bildirgandi.
LiveBarchasi