Ruminiyada prezident saylovi natijalari bekor qilindi
Olam
−
06 dekabr 2024
2572Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi prezidentlik saylovlarining birinchi bosqich natijalarini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda rasmiy manbalarga tayanib, “Digi 24” telekanali xabar berdi.
Bildirilishicha, mazkur qaror prezidentlik saylovlarining butun jarayonini boshidan qayta boshlashni anglatadi. Konstitutsiyaviy sud sudyalari bugun, 6 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda ovoz berishning birinchi bosqichi natijalarini bekor qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur instansiyaga prezidentlik saylovlarini bekor qilish haqida ko‘plab yangi so‘rovlar kelib tushgan. Ushbu so‘rovlarda mamlakatning Oliy mudofaa kengashi tomonidan oshkor qilingan hujjatlar keltirilgan bo‘lib, ularda saylovoldi kampaniyasi qonunbuzarliklar bilan o‘tgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil noyabr oyining oxirida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida Kelin Jorjesku g‘olib bo‘lgandi. Ruminiya OAV unga Rossiya tarafdori sifatida qaramoqda. U barcha prognozlarga qaramay, ovoz berish jarayonida yetakchilik qilib, 22,94 foiz ovoz olgan. Ikkinchi o‘rinni NATO va AQSH bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan muxolifat partiyasi – “Ruminiyani qutqarish ittifoqi” lideri Yelena Laskoni egalladi – u 19,18 foiz ovoz to‘plagan. Hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz olmaganligi sababli Ruminiyada Jorjesku va Laskoni ishtirokida saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi kerak edi. G‘olib oddiy ko‘pchilik ovozini olgan nomzod bo‘ladi.
Biroq Ruminiya Markaziy saylov komissiyasi rahbari Toni Greble Konstitutsiyaviy sud o‘tkazilgan ovoz berish natijalarini bekor qilsa, prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi 15 dekabrda qayta o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar