Rubio turkmanistonlik mavqedoshi bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 24 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashingtonda Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi. Bu haqda Turkmanistonning Vashingtondagi elchixonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tomonlar iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlagan. 

Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokidagi C5+1 formatida mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsizlikni mustahkamlash masalalarida kelishuvga erishilgan. 

Rubio, shuningdek, Isroil–Eron mojarosi vaqtida Eron hududidan AQSH fuqarolarini evakuatsiya qilishda ko‘rsatgan yordami uchun Turkmanistonga minnatdorlik bildirgan.

Davlat departamentining ma’lum qilishicha, Vashingtonda ikki tomonlama yillik siyosiy maslahatlashuvlarning o‘n birinchi raundi ham o‘tkazilgan. Unda Meredov va AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha davlat kotibi yordamchisi Jon Mark Pommershaym ishtirok etgan.

O‘z navbatida, Turkmaniston TIV matbuot xizmati uchrashuvda ikki davlat munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, xalqaro kun tartibidagi masalalar muhokama qilinganini bildirgan. Tomonlar xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda C5+1 doirasidagi mintaqaviy sheriklikni kuchaytirishga kelishib olgan. Shuningdek, yirik Amerika kompaniyalari bilan loyihalarni amalga oshirish va Turkmanistondagi investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, S5+1 bu AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik formati bo‘lib, u 2015 yilda AQSH tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Formatning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan AQSH o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ozarbayjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shish masalasini faol muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rashid Meredov Vashington Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing