Ruben Vardanyan Qorabog‘dan Armanistonga qochayotganda qo‘lga tushdi

Olam

image

Ozarbayjon chegarachilari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hukumatining sobiq rahbari Ruben Vardanyanni Armaniston hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga oldi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat chegara xizmati xabar berdi. 

“27 sentyabr kuni “Lochin” nazorat-o‘tkazish punktida mamlakatda noqonuniy bo‘lgan, o‘zini-o‘zi Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi deb e’lon qilgan hududning davlat vaziri lavozimida ishlagan 1968 yilda tug‘ilgan Ruben Vardanyan qo‘lga olindi. U tezkor kuchlar hamrohligida Bakuga olib ketilgan”, deyiladi xabarda. 

Avvalroq Vardanyanga yaqin manbaning ommaviy axborot vositalariga bildirishcha, u Armanistonning Syunik viloyati Goris shahriga ketishga uringan. 

“Ruben Vardanyan Akari ko‘prigidan o‘tayotganda qo‘lga olindi”, deydi manba. 

Vardanyanning rafiqasi Veronika Zonabend uning hibsga olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. 

“Bugun ertalab turmush o‘rtog‘im, xayriyachi, tadbirkor va Arsax Respublikasining sobiq davlat vaziri Ruben Vardanyan Arsaxdan chiqib ketmoqchi bo‘lganida Ozarbayjon hukumati tomonidan qo‘lga olindi”, deb yozdi Vardanyanning Telegram’dagi rasmiy kanalida.  

Armaniston rasmiylari hozircha hech qanday izoh bermagan. 

Ruben Vardanyan 2022 yilning noyabrida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi davlat vaziri etib tayinlangan va 2023 yil fevralida lavozimidan chetlashtirilgan edi. Rossiyalik tadbirkor Vardanyan “Troyka Dialog” kompaniyasi asoschisi va “Skolkovo” boshqaruv maktabining birinchi prezidenti. O‘tgan yilning sentyabrida Vardanyan Rossiya fuqaroligidan voz kechib, Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tog'li Qorabog' Qorabog' Ruben Vardanyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing