Rossiyaning muzlatilgan aktivlari Ukrainaga berilishi “o‘g‘rilik” emas – AQSH Moliya vaziri

Olam

image

Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlarni Ukraina foydasiga musodara qilish uchun yetarlicha qonuniy asoslar mavjud va bu “o‘g‘rilik” emas. Bu haqda AQSH Moliya vaziri Janet Yellen kecha, 16 iyun kuni “ABC News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Buni o‘g‘rilik deb hisoblashning ma’nosi yo‘q. Shunday ekan, bu yerda hech qanday huquqiy muammolar mavjud emas. Bizning ittifoqchilarimiz, hamkorlarimiz, “Katta yettilik” Ukrainaga 50 milliard dollar kredit beradi va bu daromadlar vaqt o‘tishi bilan qaytariladi”, deya ta’kidladi vazir.

Yellen, shuningdek, G‘arb va Rossiya o‘rtasida bu mablag‘lar bo‘yicha “irodalar jangi” borligiga ishonchi komil. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya G‘arb koalitsiyasi Ukrainani bu urushga qarshi kurashish uchun zarur resurslar bilan ta’minlashda davom etmasligidan umid qiladi.

“Bu harakat esa Rossiyaning ushbu kutilmalariga qarshi bizning salohiyatimiz va irodamiz borligini ko‘rsatishning bir usuli”, deydi Moliya vaziri.

O‘tgan hafta G7 davlatlari Ukrainaga kamida 50 milliard dollar kredit berish bo‘yicha kreditlash tizimini kelishib oldilar. Bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bo‘yicha foiz daromadlari hisobidan moliyalashtiriladi, biroq ular bu mablag‘larning asosiy qismini musodara qilmaydi.

Rossiya esa o‘z aktivlarini musodara qilishga bo‘lgan har qanday urinishlar o‘g‘rilik va xalqaro huquqni buzish ekanligini ta’kidladi. Xususan, Prezident Vladimir Putin joriy yilning 14 iyun kuni G‘arb davlatlarining Ukrainaga Rossiyaning xorijdagi muzlatilgan aktivlari bo‘yicha foizlar bilan kredit berish rejalari o‘g‘rilik ekanligini va bu jazosiz qolmasligini aytdi.

Putin Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida G‘arbning Moskvaga munosabati, har qanday davlat G‘arb tomonidan aktivlarini muzlatish qurboni bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgani haqida so‘z ochgandi.

“Barcha hiyla-nayranglarga qaramay, o‘g‘rilik, albatta, o‘g‘rilik bo‘lib qoladi va bu jazosiz qolmaydi”, dedi Putin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G7 sammiti doirasida Italiyada yig‘ilgan yettilik guruhiga a’zo davlatlar Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun Rossiyaning 486 milliard dollardan ortiq tovon to‘lashi kerakligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina muzlatilgan aktivlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing