Rossiyaning “Luna-25” stansiyasi Oy bilan to‘qnashdi
Olam
−
20 avgust 2023
19607Rossiyaning “Luna-25” stansiyasi Oy bilan to‘qnashib, o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Roskosmos” matbuot xizmati xabar berdi.
"Dastlabki tahlil natijalariga ko‘ra, impulsning haqiqiy parametrlari hisoblanganidan chetga chiqqani sababli, “Luna-25” kosmik kemasi Oy yuzasi bilan to‘qnashishi oqibatida o‘z faoliyatini to‘xtatdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kecha, 19 avgust kuni stansiyaga qo‘nish oldidan elliptik orbitaga o‘tish uchun impuls berilgan. Taxminan mamlakat vaqti bilan soat 14:57 da “Luna-25” bilan aloqa uzilgan.
Qurilmani qidirish va u bilan aloqani tiklash choralari hech qanday natija bermagan.
“Maxsus tuzilgan idoralararo komissiya stansiyaning yo‘qolishi sabablarini o‘rganadi”, deya qo‘shimcha qilgan “Roskosmos”.
Joriy yilning 11 avgust kuni Amur viloyatidagi “Vostochniy” kosmodromidan uchirilgan “Luna-25” avtomatik stansiyasi zamonaviy Rossiya tarixidagi birinchi oy missiyasi bo‘ldi. 17 avgust kuni stansiya oyning narigi tomonining ilk suratlarini oldi.
Avvalgi stansiya “Luna-24” 1976 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan ishga tushirilgan. O‘sha paytdan beri, “The Bell” tadqiqot nashriga ko‘ra, Oyga AQSH, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Yevropa, Isroil va Janubiy Koreyadan yigirmalab qurilmalar tashrif buyurgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr