Rossiyaning Kiyevdagi o‘q-dori omboriga hujumi oqibatida 10 kishi o‘ldi
Olam
−
10 iyul 3277 2 daqiqa
Rossiyaning shu hafta Kiyev viloyatiga uyushtirgan hujumida o‘q-dori ombori nishonga olingani hamda hujum oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida ma’lum qildi va voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini aytdi.
Zelenskiyning aytishicha, 6 iyul kuni Kiyevning g‘arbiy chekkasidagi Vishneve shaharchasida Rossiya zarbasi davlat qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchisi “Ukroboronprom” tasarrufidagi o‘q-dori omboriga kelib tushgan. Bu esa kuchli ikkilamchi portlashlarga sabab bo‘lgan.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Vishneveda sodir bo‘lgan hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yuzlab uylarga zarar yetgan.
“Vishnevedagi portlash yuzasidan tergov haqida gapiradigan bo‘lsam, vaziyat mutlaqo dahshatli. Vishneveda o‘q-dori ombori bo‘lgan. Dushman aynan shu omborga zarba berdi, bu ko‘plab qurbonlar va katta yo‘qotishlarga olib keldi”, degan Zelenskiy WhatsApp orqali tashkil etilgan matbuot muloqotida.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Uning ta’kidlashicha, omborga egalik qiluvchi “Ukroboronprom” mas’ullari javobgarlikka tortiladi va ularning ayrimlari lavozimidan ozod etiladi.
Qayd etish joizki, Ukraina rasmiylari odatda Rossiya hujumlari natijasida harbiy ob’ektlarga yetkazilgan zarar haqida ma’lumot bermaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur voqea jamoatchilik orasida katta norozilikka sabab bo‘lgan. Mahalliy aholi rasmiylarni ehtiyotsizlikda va hodisa haqida yetarli ma’lumot bermaganlikda ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 6 iyulga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga raketa va dronlar bilan navbatdagi yirik hujumni amalga oshirgan edi. Hujum oqibatida kamida 24 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgani xabar berilgandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust