Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi hammomdagi vaziyat haqida gapirdi
Olam
−
18 aprel
9515Avvalroq, Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazib, migrantlar yarim yalang‘och holatda emaklab yurishga majburlangan, ularning aksariyati yuzi yerga yuztuban holda yotqizilgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmaganini bildirgandi.
Bugun, 18 fevral kuni Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov respublika aholisining Moskvadagi hammomda qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi. Bu haqda elchi bilan suhbatda bo‘lgan TASS xabar berdi.
“Albatta bu vaziyat Qirg‘iziston bilan munosabatlarimizni aks ettirmaydi. Men pozitsiyani e’lon qilmoqchiman – keling, vaziyatni keskinlashtirmaylik. Vaziyatning yakuniy va har tomonlama ko‘rib chiqilishini kutamiz. Shundan keyingina qandaydir xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi. Rostini aytsam, men bularning barchasi odamlarning emotsional reaksiyasi deb bilaman”, degan u.
Elchi nashr bilan suhbatda qanchadan-qancha sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, hammomda ushlangan odamlarning Rossiyada yurish va ishlash uchun hujjatlarini darhol qonuniylashtirishga kirishmaganini ham aytib o‘tdi.
14 aprel kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Almaz Imangaziyev chet mamlakatda o‘z fuqarolarining tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Vazirlik tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgandi va rasmiy nota topshirilgandi.
Shuningdek, kecha, 17 aprel kuni Qirg‘izistonning Ombudsmani Jamila Jamanboyeva Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashuvda ikki mamlakat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgandi.
“Video lavhalarni ko‘rganda, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Qirg‘iz fuqarolarini ommaviy hibsga olish chog‘ida kuch ishlatishning mutanosibligi va asosliligi haqida savollar tug‘iladi. Qirg‘izistonliklarga nisbatan har qanday ma’muriy yoki kuch ishlatish choralari protsessual huquqlar kafolatlari va xalqaro majburiyatlarga rioya qilgan holda qo‘llanishi kerak. Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining to‘laqonli a’zosi”, degan Jamanboyeva.
Moskalkova esa Jamanboyevaning murojaatidan so‘ng prokuratura va Rossiya migratsiya xizmati ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv boshlaganini aytgan.
“Men bu voqeaga allaqachon javob berganman va uni nazorat ostida ushlab turaman. Mamlakatimizdagi mavjud vaziyat xavfsizlikni kuchaytirishni talab qilmoqda. Ammo xavfsizlik choralari kuchaytirilsa, halol insonlarning huquqlari poymol qilinmasligi kerak”, deydi Rossiya Ombudsmani.
Ma’lumot uchun, hammomdagi ushbu tekshiruv joriy yilning 10 aprel kuni yuz bergan. Mahalliy aholi vakillari migrantlar rus millatiga mansub kishilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. “Readovka” manbasiga ko‘ra, bir nechta migrantlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Migrantlarning norasmiy rahbari esa hozirda tekshiruv ostida bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga O‘zbekiston va Qirg‘izistondan migrantlar ko‘p tashrif buyurgan.
15 aprel kuni Qirg‘iziston migrantlarning tahqirlanishi bo‘yicha Rossiyaga nota berishi ortidan o‘zbekistonlik deputatlar ham Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yubordi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi poytaxt Moskvaning Timiryazevskiy tumanidagi jamoat binolarini, shu jumladan qirg‘izistonliklar dam olayotgan hammom majmuasini rejali tekshirish aynan qaysidir bir davlat rezidentlariga qaratilmaganini ma’lum qilgandi. So‘roq qilish uchun huquq-tartibot idoralariga olib borilgan 59 nafar chet el fuqarosidan 25 nafari mamlakatda immigratsiya qonunchiligini buzgani aytilgan. Shu sababli ular qonun doirasida javobgarlikka tortilishi ma’lum qilingan. Ayrimlar radikal guruhlarga mansublikda gumon qilinmoqda.
LiveBarchasi