Rossiyaning Eron-Isroil mojarosi bo‘yicha takliflari bor – Putin
Olam
−
21 iyun 2025 7690 2 daqiqa
Rossiya Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha takliflarga ega, Moskva barcha ishtirokchilar, shu jumladan, AQSH bilan aloqada. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 20 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya muzokaralarda vositachilik qilishga intilmayapti.
“Biz shunchaki g‘oyalarni taklif qilmoqdamiz va agar ular ikkala tomon uchun ham jozibador bo‘lsa, biz bundan faqat xursand bo‘lamiz”, dedi Putin.
Rossiya Prezidenti Eron, Isroil va AQSH rahbarlari bilan gaplashganini va ularga vaziyatni hal qilish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etganini qo‘shimcha qildi.
“Hozir bizning takliflarimiz ham muhokama qilinmoqda, eronlik do‘stlarimiz bilan aloqalarimiz bor – ular deyarli har kuni sodir bo‘ladi, shuning uchun biz ko‘ramiz”, dedi Putin.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni Isroil Eronga zarba berganidan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilgandi. 14 iyun kuni Putinning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Ular “Yaqin Sharqdagi vaziyatning xavfli keskinlashuvi”ni muhokama qildi. Tramp vaziyatni “juda xavotirli” deb atagan, Putin esa Rossiya ikki davlat o‘rtasida vositachi sifatida harakat qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Rossiya va AQSH rahbarlarining telefon suhbati 50 daqiqa davom etgandi.
18 iyun kuni Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lish taklifiga rad javobini berganini aytdi.
Live
Barchasi