Rossiyaning eng yirik neft zavodlaridan biri hujumga uchradi
Olam
−
13:11 1491 3 daqiqa
Bugun, 6 sentyabrga o‘tar kechasi dronlar Ryazan va Rostov viloyatlariga hujum qildi. Bu haqda ikki viloyat gubernatorlari ma’lum qildi.
Ryazan gubernatori Pavel Malkovning bildirishicha, dron parchalari viloyatning ma’muriy markazida va Sapojok okrugida turarjoy binolariga zarar yetkazgan, korxonalardan birida esa yong‘in chiqqan. Hokimiyatning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan. Malkov yonayotgan korxona nomini oshkor etmagan.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar Rostov-Don va Bataysk shaharlari, shuningdek Matveyev-Kurgan, Myasnikov, Azov, Millerovo va Chertkovo tumanlari tepasida 30 ga yaqin dron urib tushirilgani haqida hisobot bergan. Rostovning Sovet tumanida ikkita ko‘p qavatli uyga zarar yetgan: birida yuqori qavatlar, ikkinchisida esa tomi va oynalari shikastlangan. Lenin tumanida xonadon va turarjoy uyining derazalari, Kirov tumanida esa xonadon va balkon oynalari zarar ko‘rgan.
Uch kishiga tibbiy yordam talab etilgan, ulardan ikki nafari, shu jumladan bir bola shifoxonaga yotqizilgan. Zarar ko‘rgan uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Azov tumanida to‘rtta shaxsiy xonadonning derazalari singan va fasadlari shikastlangan, Bataysk va Myasnikov tumanida esa bog‘dorchilik shirkatlaridagi uylar jabr ko‘rgan. Chertkovo tumanida dron parchalari lokomotivga zarar yetkazgan, buning oqibatida yettita yo‘lovchi poyezdi taxminan uch soatga ushlanib qolgan.
Ryazan OAVlarining yozishicha, aholi hujum xavfi haqidagi birinchi ogohlantirishni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da olgan, soat 07:30 da esa hokimiyat xavf hanuz saqlanib qolayotgani haqida yana ogohlantirgan. Shahar aholisi kuchli portlash ovozlarini eshitgan, xavf vaqti tugagani soat 09:13 da e’lon qilingan. Rostov nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, yertlabki soat beshlar atrofida shahar markazida uchayotgan dronning o‘ziga xos ovozi eshitilgan, shundan so‘ng portlash yuz bergan.
“Astra” o‘quvchilarining so‘zlariga ko‘ra, dronlar Rostov tepasida to‘rt soatdan ortiq vaqt davomida aylanib yurgan, shaharda esa otishma va vertolyot shovqini eshitilgan. Guvohlar tomonidan e’lon qilingan tasvirlarda bir nechta qavatlaridagi deraza romlari surilib ketgan turarjoy uyini ko‘rish mumkin. Nashrning OSINT-tahlilchisi bino Tkachev ko‘chasi, 14-uy manzilida joylashganini aniqlagan.
Ryazanda hujum nishoni Ryazan neftni qayta ishlash zavodi bo‘lgan. Hokimiyat bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan va faqat nomi oshkor etilmagan korxonadagi yong‘in haqida xabar bergan.
Ryazan NQZ “Rosneft” tarkibiga kiradi va Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Uning loyihaviy quvvati yiliga taxminan 17 million tonna neftni tashkil etadi. Zavod avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, aviatsiya kerosini, mazut, suyultirilgan gaz, bitum va neft-kimyo xomashyosi ishlab chiqaradi. Korxona 2026 yilning may va iyul oylarida ham hujumlarga uchragan.
Rossiya Mudofaa vazirligi bir kechada Ukrainaning 258 ta dron urib tushirilgani va yo‘q qilingani haqida hisobot bergan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, dronlar Belgorod, Bryansk, Volgograd, Voronej, Kaluga, Kursk, Lipetsk, Oryol, Rostov, Ryazan, Saratov, Tambov va Tula viloyatlari, Krasnodar o‘lkasi, anneksiya qilingan Qrim, shuningdek Azov va Qora dengizlar tepasida urib tushirilgan.
Live
Barchasi