Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar ishlashi butunlay taqiqlandi
Olam
−
05 dekabr
22396Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida 2025 yildan boshlab xorijiy ishchi kuchi to‘liq taqiqlanadi. Bu haqda kecha, 4 dekabr kuni Krasnodar gubernatori Veniamin Kondratev to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot chog‘ida ma’lum qildi.
Gubernator kadrlar taqchilligini bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga talabalar bilan hamkorlik qilishni taklif qildi.
“2025 yildan boshlab biz chet ellik ishchi kuchini to‘liq taqiqlaymiz”, degan gubernator.
Uning ta’kidlashicha, ish beruvchilar mintaqada tahsil olayotgan kollej o‘quvchilarini ish bilan ta’minlashi kerak.
Shu bilan birga, viloyatda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotganligi ham ta’kidlangan. Masalan, Krasnodar o‘lkasida muhandislar, mexaniklar, agronomlar, oshpazlar, betonchilar, traktorchilar, elektrchilar, payvandchilar va tikuvchilar eng ko‘p talab qilinadigan kasblar ro‘yxatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tver viloyatida 2025 yildan boshlab chet el fuqarolari ishlay olmaydigan iqtisodiyot sohalari ro‘yxati ikki baravardan ham ko‘proqqa kengaytirilgandi. Unga ko‘ra, 2024 yilda chet ellik ishchilardan foydalanish 36 ta iqtisodiy faoliyat turida taqiqlangan bo‘lsa, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 82 taga yetkazilishi ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi