Rossiyani fosh qilgan “ayg‘oqchi”, Aliyevning Yevropaga “tarsakisi” va quroli tugayotgan AQSH
Tahlil
−
21:46 855 10 daqiqa
AQSHning o‘q-dorilari tugayapti. Vashington nihoyat o‘zining doimiy “yengilmas armiya” va “tuganmas resurslar” haqidagi afsonasiga nuqta qo‘yib, Eronga qarshi operatsiyada o‘q-dorilari tugab borayotganini rasman bo‘yniga oldi. Eng qizig‘i, o‘zining zahirasi quriyotgan AQSH yana Isroilga milliardlab dollarlik vayronkor bombalarni sotishda davom etmoqda. Falastin xavf ostidami?
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yevropa parlamentini “poraxo‘rlar uyasi” deb atadi hamda ularni ikkiyuzlamachilik, qo‘shaloq standartlar va ochiqdan-ochiq islomofobiyada aybladi. Uning bu dangalligi ortida nima turibdi?
Jurnalist ayol Rossiya josuslik tizimini fosh qildi. U “rossiyaparast bloger” qiyofasiga kirib, Rossiya maxsus xizmatlarining Yevropadagi ayg‘oqchilik tarmog‘ini qisqa vaqt ichida fosh etib qo‘ydi. Unga aloqaga chiqqanlar oddiy vazifalardan tortib maxfiy topshiriqlargacha bergan.
Tramp Zelenskiyga dakki berdi. U dunyodagi yonilg‘i muammosiga o‘zining Eronga qarshi boshlagan urushi emas, Kiyevning zarbalari sabab bo‘layotganini aytdi. Moskva esa ichki yonilg‘i muammosidan qutulish va yaqinlashayotgan saylovlar oldidan vaziyatni o‘nglash uchun Vashingtonning bu tanbehini jon-jon deb olqishladi. Xo‘sh, Tramp haqiqatan ham dunyo iqtisodiyotini o‘ylayaptimi yoki o‘z saylovchilari uchun benzin narxini arzonlashtirish ortidan quvyaptimi?
AQSH o‘q-dorilari tugayotganini tan oldi
AQSH Mudofaa vazirligi o‘z tarixida ilk bor harbiy salohiyatining nozik nuqtasini ochiqlab, Eronga qarshi olib borilgan harbiy harakatlar sababli mamlakatning strategik o‘q-dorilar zahirasida jiddiy tanqislik yuzaga kelganini rasman tan oldi. Pentagon bosh inspektorining “Epik g‘azab” deb nomlangan operatsiya bo‘yicha e’lon qilgan birinchi choraklik hisobotida aytilishicha, asl vaziyat Tramp maqtanganchalik jo‘da zo‘r emas! Avvalroq u tuganmas darajadagi qurol-yarog‘i borligini aytib chiqqan edi.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning 28 fevralidan 30 iyuniga qadar davom etgan ushbu harbiy kampaniya Vashington hamyoniga naqd 33,4 milliard dollarga tushgan. Ushbu ulkan summaning katta ulushi, ya’ni 22,3 milliard dollari shunchaki sarflangan o‘q-dorilarga ketgan bo‘lsa, yana 3,7 milliard dollari yo‘qotilgan harbiy texnikalarni tashkil etadi. Pentagon rahbarining xaridlar va ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari boshqarmasi operatsiyadagi bunday ulkan sarf-xarajat “amaldagi zahiralarda jiddiy tirqishlar paydo qilgani va harbiy-sanoat majmuasining qanchalik zaif ekanini fosh etgani”ni ma’lum qilgan. Vashington mudofaa korxonalari quvvatini oshirish va zaruriy komponentlarni jamlashga urinmoqda, ammo soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarish tizimini o‘nglab olish uchun “sezilarli vaqt” kerak bo‘ladi. Qattiq yonilg‘ili raketa dvigatellari, portlovchi moddalar va porox ishlab chiqarish, shuningdek, malakali kadrlar yetishmovchiligi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.
AQSH ma’muriyatining ichki qarama-qarshiliklari ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Prezident Donald Tramp va Pentagon rahbari Pit Xegset shu vaqtgacha qurol-yarog‘ tanqisligi haqidagi xabarlarni bot-bot rad etib, armiyada jangovar harakatlarni davom ettirish uchun barcha resurslar yetarli deb ta’kidlab kelishayotgan edi. Biroq, amalda Oq uy 24 iyun kuniyoq Kongressga 87,6 milliard dollar miqdoridagi shoshilinch qo‘shimcha moliyalashtirish so‘rovini yuborib bo‘lgan. Ushbu mablag‘ning 67,1 milliard dollari aynan Mudofaa tizimiga – zahiralarni to‘ldirish va Erondagi operatsiya xarajatlarini yopish uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Ammo qurollar va o‘q-dorilar bo‘yicha muammoga duch kelayotgan AQSH Vashington Isroilga qiymati 2,8 milliard dollarga teng harbiy to‘plamni sotishni rejalashtirmoqda. “Reuters” va The Washington Post nashrlarining ma’lum qilishicha, ushbu bitim doirasida Isroilga o‘ta vayronkor kuchga ega bo‘lgan 20 mingta MK 84 va 20 mingta og‘irligi salkam 900 kg bo‘lgan BLU-117 bombalari yetkazib beriladi. AQSH ichidagi siyosiy kayfiyat esa ushbu qarorlarga hamohang emas. Quinnipiac University so‘rovnomalariga ko‘ra, amerikalik saylovchilarning 48 foizi hamda demokratlarning 66 foizi Vashington Tel-Avivni “haddan tashqari ko‘p qo‘llab-quvvatlamoqda” deb hisoblaydi. Taqqoslash uchun, 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 16 va 20 foizni tashkil etgan edi. Avvalroq, G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari Isroil amaliyotlari oqibatida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lganini bildirgan edi. BMT tergov komissiyasi buni genotsid deb baholayotgan bir paytda, Isroil rasmiylari yana dahshatli qirg‘inga sabab bo‘la oladigan qurollarni sotib olishi xavotirlarga sabab bo‘lishi aniq. Rasmiy Tel-Aviv o‘z harakatlarini 2023 yilning oktyabrida HAMAS hujumida 1 200 kishi o‘ldirilib, 250 dan ortiq odam garovga olingani sababli “o‘zini himoya qilish” deb izohlamoqda.
Tramp Zelenskiyga dakki berdi
Rossiya – Ukraina mojarosida ham energetika atrofidagi o‘yinlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 13 sentyabr kuni Irlandiyadagi Irish Open golf turnirida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiyadagi dizel yonilg‘isi infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishga chaqirdi.
“Janob Zelenskiy bitta ishni qilishi kerak: u Rossiyadagi dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish ob’ektlarini yo‘q qilishni to‘xtatishi kerak. Boshqa nishonlar yetarli. Dizel yonilg‘isiga zarba bermang. Bu butun dunyoga zarar yetkazmoqda”, deydi Tramp.
U hatto global yonilg‘i tanqisligida Yaqin Sharqni emas, aynan ushbu urushni ayblashga urindi.
“Bu taqchillikni Yaqin Sharq keltirib chiqarmayapti, bunga Rossiya va Ukraina o‘rtasida sodir bo‘layotgan voqealar sabab bo‘lmoqda”, degan Tramp.
Moskva esa Vashingtonning bu chaqirig‘ini jon-jon deb qabul qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu munosabatni olqishlab, Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali Moskva uchun mamlakatning Ukrainaga bosqinini davom ettirish xarajatlarini oshirishga harakat qilayotganini bildirdi.
“Kiyev rejimini fuqarolik iqtisodiy infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga qaratilgan har qanday chaqiriqni faqat olqishlash mumkin”, degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan kundalik selektor yig‘ilishida.
Negaligini bilasiz. Ukraina dronlarining so‘nggi zarbalari Rossiyada ichki yonilg‘i inqirozini keltirib chiqarganini ko‘p aytdik. Taqchillik, AYOQSHlardagi uzun navbatlar esa tabiiyki, joriy yilning 18–20 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan parlament saylovlari arafasida Kreml uchun o‘ta noqulay vaziyat yaratadi.
Ketma-ket bayonotlar ortidan, 14 sentyabr kuni Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Rossiya va Ukraina bir-birining energetika ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi.
“Ukraina Rossiyaning energetika ob’ektlariga zarba bermaslikka rozi bo‘ldi. Rossiya ham xuddi shunday qilishga rozi bo‘ldi! Dunyoda dizel yonilg‘isi narxining oshishiga Eron emas, asosan Rossiya – Ukraina urushi sabab bo‘lmoqda”, deb yozdi u.
Biroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram orqali javob berib, agar hamkorlar Rossiyaning Ukraina elektr va oziq-ovqat tizimlariga tegmaslik borasidagi kafolatini ta’minlay olsagina Kiyev bunday cheklovga tayyorligini bildirdi.
“Ukraina Rossiyaning biror kelishuviga ishonmaydi. Ular o‘z “saylovlarini” o‘tkazib, yonilg‘i bosimini pasaytirib olgach, bu kelishuv barbod bo‘lmasligi kerak”, deydi Zelenskiy.
Financial Times nashri manbalarining ta’kidlashicha, Vladimir Putin ham qish oldidan bunday sulhga erishishni xohlamaydi, chunki u qishda, sovuq kunlarda energetikaga beriladigan zarbalarni Kiyevni taslim qilishning asosiy dastagi deb biladi.
Siyosiy chiqishlar, bitim haqidagi yangi gaplar davom etayotgan paytda ham, janggohda amaliy harakatlar to‘xtagani yo‘q. 15 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina kuchlari Taganrog va Samara viloyatlariga raketalar hamda dronlar bilan hujum uyushtirdi. Beriyev nomidagi aviatsiya majmuasi hamda Ozon marketpleysi omboriga zarar yetgan. Samara viloyatida esa “Rosneft”ga qarashli “Sizran” neftni qayta ishlash zavodi nishonga olindi. O‘z navbatida, Rossiya harbiylari Dnepr-Bug bandargohi orqali Ukrainaning Qora dengizga chiqish yo‘lini amalda butunlay to‘sib qo‘ydi.
“Xerson va Nikolayev portlarining Qora dengizga chiqishi to‘liq nazoratga olingan, kemalar qatnovi deyarli to‘xtadi”, deydi Xerson viloyatining rossiyalik gubernatori Vladimir Saldo.
Bu esa Ukrainaning qishloq xo‘jaligi eksportiga, xususan, don yetkazib berish zanjiriga og‘ir zarba bo‘ldi.
Jurnalist ayol Rossiya josuslik tizimini fosh qildi
Yevropada parda ortidagi “sovuq urush” avj olmoqda. Germaniyaning RTL telekanali o‘tkazgan bir yillik jurnalistik surishtiruv Rossiya maxsus xizmatlarining Yevropadagi ayg‘oqchilik tarmog‘i qanday ishlashini fosh etdi. Jurnalist Anjelike Geray ijtimoiy tarmoqlarda "Katya" ismli rossiyaparast bloger qiyofasiga kirgan. U bir necha oy davomida ijtimoiy tarmoqlarda Vladimir Putin maqtalgan videolarni joylashtirgan, Rossiya va sobiq sovet davlatlarida mashhur bo‘lgan oq-ko‘k yo‘l-yo‘l mayka, odatda dengizchilar va harbiylar kiyadigan kiyimda suratga tushgan va Germaniya parlamenti binosi atrofida Rossiya bayrog‘i bilan yurgan. Ko‘p o‘tmay, uning akkauntiga Rossiya manfaatlari yo‘lida ishlashi mumkin bo‘lgan shaxslar qiziqish bildirgan. Surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, agentlarga dastlab bitkoin evaziga oddiy suratga olish, SIM-karta sotib olish kabi topshiriqlar berilgan, keyinchalik esa inson huquqlari tashkilotlari, Germaniyadagi Xristian-demokratik ittifoqi xodimlari va harbiy korxonalar haqida ma’lumot yig‘ishni talab qilgan.
Muloqotlar davomida “Sahra Vagenknext ittifoqi” a’zosi Yovitsa Yovich kabi faollarning ham izi ko‘ringan. Yovich “Katya” bilan uchrashib, o‘zining rossiyaparast faoliyati haqida gapirgan. Suhbat davomida u Rossiya maxsus xizmatlari bu faoliyatga aloqador bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan. Biroq keyinchalik jurnalist o‘zining asl shaxsini oshkor qilib, u bilan ochiq suhbatlashganida Yovich Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqasi borligini va dezinformatsiya kampaniyasida ishtirok etganini rad etgan.
Ayg‘oqchilik tarmog‘ini fosh etgan jurnalistning shaxsi ochiqlangach, uning pochtasiga “Qochishga urinsang, o‘q yeysan” mazmunidagi o‘lim tahdidlari kelib tushgan.
Yevropa parlamenti – bu poraxo‘rlar uyasi
Ozarbayjon va Yevropa tuzilmalari o‘rtasida so‘nggi yillarda yig‘ilib qolgan ziddiyat navbatdagi eng yuqori nuqtasiga ko‘tarildi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 15 sentyabr kuni Bakuda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining VII yig‘ilishi hamda Yahyo Bakuviy nomidagi Birinchi xalqaro konferensiya ishtirokchilarini qabul qilish marosimida Yevropa parlamentini keskin tanqid ostiga oldi. Ozarbayjon yetakchisi o‘z nutqida parlamentni “poraxo‘rlar uyasi” deb atadi hamda ularni ikkiyuzlamachilik, qo‘shaloq standartlar va ochiqdan-ochiq islomofobiyada aybladi.
“Yevropa parlamenti – bu poraxo‘rlar uyasi. Men buni to‘liq mas’uliyat bilan aytyapman”, deydi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon Prezidenti Yevropaning demokratiya va qonun ustuvorligi haqidagi iddaolari cho‘pchak ekanini isbotlash uchun 2022 yil dekabr oyida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Katargeyt” korrupsion mojarosini yodga oldi. O‘shanda Belgiya huquq-tartibot idoralari Yevroparlament sobiq vitse-prezidenti, gretsiyalik deputat Yeva Kayli, uning otasi va sherigini hibsga olgan, tintuvlar chog‘ida chemodan va sumkalarga joylangan 1,5 million yevrodan ortiq naqd pul musodara qilingan edi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, bu mablag‘lar Fors ko‘rfazi davlatlari manfaatlarini ilgari surish uchun berilgan pora bo‘lgan. Aliyev ushbu holatga e’tibor qaratib, G‘arb sud tizimining bunday yirik jinoyatga nisbatan ko‘rsatayotgan passivligini piching bilan tilga oldi.
“Uning vitse-prezidenti uyidan chemodanlarda millionlab dollar olib chiqildi, ular buning hammasini yashirdi. Uning ismi ma’lum, u gretsiyalik ayol deputat. U hibsga olinganidan beri necha yil o‘tdi? Unga nisbatan biror chora ko‘rildimi? Yo‘q! Javobgarlikka tortildimi? Yo‘q! Uni ozod qilishdi”, deya ta’kidladi Baku rahbari.
Baku va Strasburg o‘rtasidagi geosiyosiy ziddiyat ildizlari ancha chuqurga taqaladi. Aliyev Yevroparlament va Yevropa Kengashining Qorabog‘ mojarosiga tutgan mavqeini tahlil qilar ekan, G‘arbning adolatsiz yondashuvini faktlar bilan ko‘rsatib berdi. Armaniston Ozarbayjon hududlarining 20 foizini o‘ttiz yil davomida bosib olgani, ushbu hududlardan ozarbayjonliklar siqib chiqarilgani, yuzlab shahar va qishloqlar yer bilan bitta qilinganiga qaramay, Yevropa kengashining biror marta Yerevanga nisbatan sanksiya qo‘llamaganini eslatdi.
“Armaniston boshqa davlat hududining 20 foizini egallab oldi, u yerdan 700 ming kishini siqib chiqardi, Armanistondan 250 ming ozarbayjonlikni haydab yubordi, barcha shaharlarni vayron qildi. Nega siz unga qarshi sanksiyalar kiritmaysiz? Demak, bu ikkiyuzlamachilik standartlaridir”, deydi Prezident.
Ozarbayjon 2023 yil sentyabr oyida o‘tkazilgan bir kunlik anti-terror amaliyoti natijasida Tog‘li Qorabog‘ ustidan o‘zining suverenitetini to‘liq tiklagach, Yevropa Kengashi atigi to‘rt oy o‘tib – 2024 yilning yanvarida Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasida Ozarbayjon delegatsiyasining vakolatlarini tasdiqlashdan bosh tortgan edi. Bunga “inson huquqlari va majburiyatlar bajarilmagani” bahona qilingan edi.
“Qarang, bu ularning asl basharasi”, deydi Ilhom Aliyev. Bunga javoban Baku 2024 yil yanvarida Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatdi, 2024 yil avgust oyida esa Ozarbayjon delegatsiyasiga qarshi ovoz bergan 76 nafar Yevropa deputatining mamlakatga kirishini taqiqladi.
Ozarbayjon rahbari o‘z nutqida Yevropa institutlaridagi tizimli islomofobiya masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, Yevropadagi ba’zi doiralar musulmon dunyosiga nisbatan xolis pozitsiyada emas.
“Dinimiz va islom dunyosiga qarshi e’lon qilinmagan urush olib borilmoqda. Islomofobiya esa uning kichik bir qismi xolos”, deya ta’kidladi Aliyev.
U shuningdek, turkiy va islom dunyosi bunday siyosiy hamda ma’naviy bosimlarga faqat o‘zaro birdamlik va jipslik orqaligina munosib javob bera olishini, Kavkaz hamda turkiy el birga bo‘lsa, hech qanday tashqi kuch ularni sindira olmasligini uqtirib o‘tdi.
Live
Barchasi