O‘lat xavfi: Tramp Rossiyaga yordam taklif qildi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat kasalligi tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirib, o‘z yordamini taklif etdi.  Bu haqda CNBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 5 oktyabr kuni Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda o‘latni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi Irkutsk ilmiy-tadqiqot instituti xodimi vafot etganidan so‘ng Rossiyaga yordam taklif qilgan.

“Biz yordam beramiz. Biz hamisha shu kabi muammolarga duch kelganlarga yordam qo‘lini uzatamiz”, deydi Tramp jurnalistlarga.

U ushbu hodisani Rossiya rasmiylari bilan muhokama qilmaganini aytgan, ammo o‘latni “og‘ir kasallik” deb atagan.

“Ilgari biz bu kasallikni nazorat qila olar edik. Qandaydir tarzda bu mikroblar tobora kuchliroq bo‘lib bormoqda – ular xuddi armiyaga o‘xshaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Shuningdek, telekanal AQSH Davlat departamentidagi o‘z manbasidan izoh olgan.

“Biz Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda boshqa idoralararo hamkorlarimiz bilan birgalikda vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib boryapmiz. Ko‘plab tafsilotlar hozircha tasdiqlanmagan. Biz Rossiya rasmiylarini ishonchli ma’lumotlarni tezkor va ochiq ravishda baham ko‘rishga chaqiramiz”, deyiladi izohda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) telekanal so‘roviga javoban o‘lim sababi hozircha tasdiqlanmaganini, tahlillar esa davom etayotganini ma’lum qilgan. Tashkilot Rossiya rasmiylari bilan aloqada bo‘lib turganini va zarur bo‘lgan taqdirda yordam taklif etganini ta’kidlagan, biroq mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib, aholi uchun xavf darajasini past deb baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya rasmiylari joriy yilning 29 sentyabr kuni Irkutsk o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi og‘ir pnevmoniya simptomlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi vafot etganini xabar qilgan edi.

OAV u o‘lat qurboni bo‘lgani haqida yozgan. Taxminlardan biriga ko‘ra, 27 yoshli ayol Mo‘g‘uliston bilan chegarada o‘lat o‘chog‘i qayd etilgan Buryatiyaga xizmat safaridan qaytgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra esa, u laboratoriyada xavfli bakteriya solingan probirkani tasodifan sindirib yuborgan. Ayolning o‘limidan so‘ng u yotqizilgan Shelexov shifoxonasi karantinga yopilgan, shuningdek, marhuma bilan muloqotda bo‘lgan 189 kishi aniqlanib, shifoxonaga joylashtirilgan. Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev ushbu odamlarda kasallik belgilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan.

Ushbu voqealar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ehtiyot choralarini kuchaytirdi. Xususan, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi o‘ta xavfli infeksiyalarning kirib kelishining oldini olish uchun mas’ul xizmatlarning shayligini oshirdi.

Shuningdek, 3 oktyabr kuni Baykalsk shahri ma’muriyati fuqarolarni Shelexovga bormaslikka chaqirgan. Keyinchalik bu xabar o‘chirib tashlangan. Joriy yilning 4 oktyabr kuni esa Irkutskdagi bir nechta shifoxonalarda uch haftalik karantin joriy etilgan.

Rossiya rasmiylari esa uning o‘latdan vafot etganini tasdiqlamagan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) bemorga “kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya” tashxisi qo‘yilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing