Rossiyalik deputat Ukrainani terrorchi davlat deb tan olishga chaqirdi
Olam
−
24 yanvar
6473Rossiya Dumasi deputati, Xalqaro ishlar qo‘mitasi a’zosi Dmitriy Belik Rossiyaning Il-76 samolyoti urib tushirilgach, Ukrainani terrorchi davlat deb atash kerakligini aytdi. Bu haqda “Ria Novosti” xabar berdi.
Avvalroq, Rossiya Aerokosmik kuchlarining Il-76 tashuvchi samolyoti Belgorod viloyatida 65 nafar ukrainalik asirni almashish uchun olib ketayotganida halokatga uchragani aytilgan edi. Buning ortidan rus siyosatchisi Andrey Kartapolov "Ukraina harbiy rejimi yana bir jinoyat sodir etganini, samolyot uchta raketa bilan urib tushirilgani"ni ma’lum qildi.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin esa Il-76 samolyoti halokati munosabati bilan AQSH Kongressi va Bundestagga murojaat tayyorlashni, shuningdek, qanday raketalar ishlatilganligini aniqlashni topshirdi. Uning fikricha, samolyot "Bayden, Makron, Shols va boshqa siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan fashistlar" tomonidan urib tushirilgan.
"O‘z vatandoshlarini siyosiy maqsadlarda yo‘q qilish haqiqiy terrordir va Ukraina shunday la’natga qoldi. Men Ukrainani terroristik davlat sifatida tan olish jarayonini boshlash vaqti keldi, deb hisoblayman", deydi Belik nashrga bergan intervyusida.
"Mahbuslar bilan samolyotni yo‘q qilish - bu shunchaki terakt emas, bu Ukraina davlat siyosatini anglatadi. Ular tinch aholini yo‘q qildi, o‘z oilasiga qaytishni istagan mahbuslarni o‘ldirdi. Faqat qotillargina xalqiga bunday o‘limni ravo ko‘radi. Kiyev rejimi esa o‘z xalqini qo‘rquv va tikanli simlar ichida ushlab turishni istaydi”, deya qo‘shimcha qilgan deputat.
Ulkanbayeva Rayhona