Rossiyalik senator O‘zbekistonga Ukraina taqdirini eslatdi

Jamiyat

image

Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya kengashi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Andrey Klimov O‘zbekiston parlamenti spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning Rossiyaga “o‘z ichki ishlari bilan shug‘ullanish” chaqirig‘iga “javoban” Ukrainaga sha’ma qilib, mamlakat taqdirini eslatdi. Bu haqda u “Lenta.ru” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Har qanday hodisa yuzasidan darhol bunday ohangda gapirishga qarshiman. O‘zini o‘qituvchi deb atayotgan shaxsning qilgan ishi nafaqat huquqbuzarlik, balki bundan ham ko‘proq. Vitse-spikerning so‘zlari esa taajjub uyg‘otadi”, deydi Klimov.

Senatorning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoni Rossiya bilan bilan urushtirishni xohlaydiganlar juda ko‘p.

“Uzoq vaqt davomida o‘zini shunday tutgan bitta mamlakat bor edi. Endi u juda og‘ir ahvolga tushib qoldi”, dedi Klimov Ukrainani eslatmoqchi bo‘lib.

Klimovga ko‘ra, bunday hodisalar ana shunday kayfiyatdagilar uchun qulay zamin bo‘ladi.

“Menimcha, endi o‘qituvchi deb atash qiyin bo‘lgan bu pedagog geosiyosiy masalalar haqida o‘ylamagan. Ehtimol, maishiy omillar ta’sir ko‘rsatgan. Shunday ekan, kelinglar, bu masalani rasmiy kanallar orqali qanday hal qilish mumkinligini ko‘rib chiqamiz”, deydi u.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 6-sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.

So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Mazkur voqea videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘rab, mazkur masala diqqat-e’tibor markazida tutishini bildirdi.

Shundan so‘ng, bir qator o‘zbekistonlik rasmiylar, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov,  O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar Mariya Zaxarovaning talabiga munosabat bildirib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni, uni mamlakatni o‘zi o‘z qonunlari doirasida hal qilishini aytdi.

Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga umumiy fuqarolik va diplomatik odob-axloq qoidalariga rioya qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritdi.

Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbat davomida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z intervyusida bir mamlakatda yashab turib, uning tilini bilmaydiganlarni “bosqinchi yoki ahmoq” deya atagandiO‘shanda ham Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov jurnalist bilan har qanday aloqalar to‘xtatilishi va uning o‘zi, qarindoshlariga Rossiyaga kirish taqiqlanishi mumkinligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O‘zbekiston Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing