Rossiyaga Markaziy Osiyo nega kerak? Yaqinlashuv ortida mustamlakachilik konsepsiyasi bormi?

Olam

image

Rossiya barcha davlatlar, ayniqsa, qo‘shni respublikalar bilan yaxshi va konstruktiv munosabatlarni saqlab qolishdan manfaatdor. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bugun, 5 may kuni “Rossiyskaya gazeta”da chop etilgan maqolasida aytiladi. 

"Xalqaro hamjamiyatning har qanday mas’uliyatli a’zosi kabi Rossiya ham barcha, lekin birinchi navbatda chegaradosh va qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv hamkorlikni saqlab qolishdan, xayrixoh tashqi muhitdan manfaatdor. Shu munosabat bilan biz Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan strategik sheriklik, ko‘pchilik bilan esa ittifoqchilik munosabatlariga ega ekanimizdan quvonmay ilojimiz yo‘q”, deydi vazir. 

Lavrov diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Moskva Markaziy Osiyo davlatlari bilan boy tadbirlar dasturini amalga oshirayotganiga e’tibor qaratdi. 

"O‘tgan yillar davomida biz uzoq yo‘lni bosib o‘tdik. Birgalikda ish olib borishda biz doimo xalqlarimizni birlashtirgan tarixiy do‘stlik rishtalariga, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, ishonch va hurmatning boy an’analariga tayandik", deya qo‘shimcha qilgan u. 

Rossiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar “geosiyosiy vaziyatning tebranishlaridan” qat’i nazar, jadal rivojlanmoqda.  

"Mintaqaning deyarli barcha davlatlari bilan tovar ayirboshlash o‘sib bormoqda. Uning tarkibini xomashyodan tashqari sanoat tovarlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, neft-kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalari tashkil etadi", deydi tashqi idora rahbari.

YeOII doirasidagi imtiyozlar

Lavrovning ta’kidlashicha, o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sishi, tovar, kapital va xizmatlar harakati yo‘lidagi to‘siqlarning olib tashlanishi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) a’zolari uchun boshqa sezilarli manfaatlar uyushmani Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun jozibador qiladi. Diplomatik idora rahbari ta’kidlashicha, hozirda YeOII mamlakatlari tarkibiga Markaziy Osiyoning ikkita davlati – Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.  

“2020 yildan buyon O‘zbekiston ittifoq ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Tojikiston va Turkmaniston ittifoq faoliyatiga qiziqish bildirmoqda. Biz Yevroosiyo integratsiyasining kuchayib borayotgan jarayonlari ham amaliy hamkorlikni kengaytirishga hissa qo‘shishga chaqirilganidan kelib chiqamiz”, deydi mamlakat tashqi siyosati vektorini 18 yildan buyon belgilab kelayotgan 72 yashar Lavrov.  

Vazirga ko‘ra, YeOIIning jozibadorligi “uning ishtirokchilari uchun sezilarli foyda” bilan bog‘liq. 

“Jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, tovar, kapital, xizmatlar, mehnat resurslari harakati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish. Ittifoq doirasida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida muvofiqlashtirilgan va yagona siyosat ta’minlanmoqda, elektroenergetika, neft va gaz uchun umumiy bozor yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deb yozadi vazir.

Geosiyosiy kurash uchun arena

Lavrovning aytishicha, Rossiya G‘arbdan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyoni geosiyosiy qarama-qarshilik mintaqasi deb hisoblamaydi. 

“Ba’zi G‘arb davlatlaridan farqli o‘laroq, Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasini "Buyuk o‘yin"ning mustamlakachilik konsepsiyasi ruhida geosiyosiy qarama-qarshilik maydoni deb hisoblamaydi. Shu munosabat bilan biz mintaqalararo integratsiya kuchayib borayotganini, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlarini faqat olqishlaymiz”, deydi vazir. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari uyg‘un, teng huquqli va o‘zaro manfaatli sifatida tavsiflanadi hamda “XXI asrda davlatlararo hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilishi kerakligining yorqin namunasidir”.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va uning markaziy osiyolik hamkorlari o‘zaro boyituvchi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish tarafdori bo‘lib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Lavrov

Baholaganlar

351

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing