Lavrov Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk bor Yevropaga boradi
Olam
−
01 noyabr
8374Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2024 yilning dekabr oyida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Maltaga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 1 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga tayanib, “Vedomosti” gazetasi xabar berdi.
Maltaning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi nashr so‘roviga javoban YeXHT vazirlar kengashi yig‘ilishini 5-6 dekabr kunlari ushbu mamlakatda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror barcha a’zolarga, shu jumladan rasmiy Moskvaga ham tegishli ekanini tasdiqlagan.
Malta elchixonasi Yevropa Ittifoqi tomonidan Sergey Lavrovga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermagan.
Lavrov Yevropa Ittifoqiga oxirgi marta Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanishidan oldin – 2021 yilning dekabrida Shvetsiya poytaxti Stokgolmda bo‘lib o‘tgan YeXHT vazirlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etganida borgan edi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Yevropa Ittifoqining alohida sanksiyalariga duchor bo‘lgan, bu uning Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatishga olib keladi. 2023 yil fevral oyi boshida Avstriya Tashqi ishlar vaziri Aleksander Shallenberg mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida YeXHT tadbirlaridagi Rossiya vakillari, hatto sanksiyaga duchor bo‘lgan taqdirda ham, kirish huquqiga ega ekanligini aytgan edi.
2023 yilning noyabr oyida Lavrov Shimoliy Makedoniyada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining yig‘ilishida ishtirok etgan. Shu sababli Latviya, Litva, Estoniya, Polsha va Ukraina vakillari tadbirga borishdan bosh tortgan.
2022 yilda YeXHTga raislik qilgan Polsha Lavrovni Lodzda bo‘lib o‘tgan YeXHT Vazirlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etishi uchun mamlakatga kiritishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BRICS+ formatidagi uchrashuvda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sammitdagi harakatlari bilan kulgiga qolgandi. U oyog‘ini bosib olgan sammit ishtirokchisini haqorat qilgandi. Bunga Lavrovning qilgan reaksiyasi Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning kulgisiga sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi