Rossiyaga qochgan Asad ilk bor bayonot bilan chiqdi
Olam
−
16 dekabr 2024 24027 2 daqiqa
Muxolifat guruhlarning Damashqqa hujumi tufayli Suriya prezidenti lavozimini tark etib, Rossiyadan boshpana olgan Bashar Asad fuqarolar urushi va undan keyingi voqealar davomida iste’foga chiqish yoki boshpana so‘rash imkoniyatini biror marta ham ko‘rib chiqmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Bashar Asad matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Asad joriy yilning 8 dekabr kuni erta tonggacha Damashqda qolgan va faqat o‘sha kuni kechqurun Suriyani tark etgan. Muxolifat qurolli guruhlari Damashqqa kirib kelganidan so‘ng u Suriyaning Latakiya viloyatiga (Rossiyaning Hmeymim aviabazasi joylashgan) yo‘l olgan. Poytaxtni tark etishi “rossiyalik ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirilgan holda va jangovar operatsiyalarni kuzatishni davom ettirish maqsadida” amalga oshirilgan. Kechqurun esa u Rossiyaga uchib ketgan.
Bashar Asadga ko‘ra, poytaxtning muxolifat tomonidan bosib olingani haqidagi xabarni u Damashqni tark etgandan keyin eshitgan. “Terrorchilar” tomonidan egallangan mamlakatda prezident bo‘lib qolishni u ma’nosiz deb hisoblagan. Asadning ta’kidlashicha, uning ketishiga “oxirgi harbiy pozitsiyalarning buzilishi va buning oqibatida barcha davlat institutlarining falaj bo‘lishi” sabab bo‘lgan.
“Mening Suriyani tark etishim rejalashtirilmagan edi va bu janglar davom etayotgan so‘nggi soatlardagina sodir bo‘lgan, degan iddaolar noto‘g‘ri”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Bashar Asad 2000 yildan beri mamlakatni boshqarib kelardi. Uning oilasi esa 1971 yildan buyon hokimiyatda edi. “Reuters” nashri manbalarga tayanib, 7 dekabr kuni ketishidan bir necha soat oldin Asad maxsus xizmatlar va armiyaning 30 nafar yuqori lavozimli vakili bilan uchrashuvda Rossiya harbiy yordami “yo‘lga chiqqanini” ma’lum qilganini yozgan. Ammo o‘sha kuni kechqurun u Rossiya aviabazasiga ketgan. “Bloomberg” nashri bir nechta noma’lum manbalarga tayanib xabar qilishicha, muxolifat qurolli guruhlari Damashqqa yaqinlashayotganida Rossiya Bashar Asad va uning oilasiga, agar u darhol mamlakatni tark etishga rozi bo‘lsa, xavfsiz evakuatsiyani taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyaning "The Financial Times" gazetasi 2018 yilning martidan 2019 yilning sentyabrigacha Suriya Markaziy banki Rossiyaga samolyotda katta miqdorda dollar va yevro eksport qilgani haqida xabar bergan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr