Rossiyaga bizning qo‘shilmaslik pozitsiyamiz yoqmaydi – JAR Prezidenti

Olam

image

Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa bugun, 15 may kuni bergan bayonotida mamlakatning mojarolarga aralashmaslik pozitsiyasi Rossiyani boshqa davlatlardan ustun qo‘yishga sabab bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi

Qayd etilishicha, Ramafosaning mazkur bayonoti Rossiya kemasi Janubiy Afrikadan qurol olib ketgani haqidagi da’volardan so‘ng berilgan. Bir necha kun avval AQSHning Janubiy Afrikadagi elchisi Ruben Brigeti o‘tgan yili Rossiyaga tegishli kema mamlakatdan qurol olib ketganini va bu harakat mamlakatning betaraflik maqomini jiddiy tarzda buzishini ma’lum qilgandi. 

AQSH Janubiy Afrikaning Ukraina urushi masalasida betaraflik va qo‘shilmaslik siyosatidan “qattiq xavotirda” ekanini bildirgan. JAR rasmiylari esa elchining gaplarini qat’iyan rad etgan. 

“Bizning qo‘shilmaslik pozitsiyamiz Rossiyani boshqa davlatlardan ustun ko‘rishimizga asos bo‘lmaydi. Shuningdek, u boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimizga putur yetkazishini ham qabul qilmaymiz”, deydi Ramafosa. 

Davlat rahbari elchi da’vosini tasdiqlash uchun yetarli dalillar keltirmagani, buni tekshirish maqsadida tergov guruhi tuzilganini ta’kidlagan. 

JAR !ashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda aytilishicha, AQSH elchisi 12 may kuni Tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor bilan uchrashishga chaqirilgan va u mamlakat hukumari va xalqidan kechirim so‘ragan. 

Garchi JAR BMTning Ukraina urushi bo‘yicha rezolyutsiyasida betaraf qolgan bo‘lsada, kollektiv G‘arb uni Rossiyanining mintaqadagi eng yaqin hamkori sifatida ko‘rmoqda. 

Ma’lumot uchun, shu yilning avgust oyida JARda BRICS sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Xalqaro jinoyat sudi tomonidan hibsga olish uchun order berilgan Vladimir Putin ham qatnashishi mumkin. JAR esa Putin mamlakatga kelgan taqdirda uni qamoqqa olishga majbur bo‘lishi mumkinligi sabab, avvaliga, Xalqaro jinoyat sudidan chiqmoqchi ekanini ma’lum qildi, keyniroq bo‘lsa Putindan sammitga kelmaslikni so‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Afrika Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing