Rossiyaga ayblovlar yog‘dirayotgan Britaniya “yumshoq joyi” borligini esladi
Olam
−
24 yanvar 2022
22461Agar G‘arb Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritsa, rasmiy Moskva bunga javoban Yevropaga gaz va neft yetkazib berishdan qurol sifatida foydalanishi, ularni cheklashi va bu narxning rekord darajada oshishiga olib kelishi mumkin. “Times” nashrining Britaniya hukumatidagi manbaga asoslanib yozishicha, rasmiy London voqealarning bunday rivojidan xavotirda.
Qayd etilishicha, Rossiya energiya resurslarini yetkazib berishni cheklashining ehtimoliy oqibatlari bir qator uchrashuvlarda muhokama qilingan. Vazirlar gaz tanqisligining bevosita tahdidi bo‘lmaydi, lekin narxlar yangi rekord darajaga ko‘tariladi, degan xulosaga kelishgan.
“Ba’zi mamlakatlardan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniya Rossiya gazini deyarli import qilmaydi. Ammo, barcha mamlakatlar singari, biz ham ulgurji narxlarning oshishi xavfi ostidamiz, agar Rossiya yetkazib berishni yanada cheklasa, bu jiddiy muammoga aylanadi”, degan manbalardan biri.
Yaqinda “Financial Times” gazetasi Qo‘shma Shtatlar Qatar va boshqa yirik siqilgan tabiiy gaz eksportchilari bilan “Gazprom”ning Yevropaga gaz yetkazib berishi Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani sababli to‘xtatilgan taqdirda favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar tarqatgandi. Biroq, gazeta manbalari potensial tanqislik bilan kurashish uchun hech qanday “sehrli tayoqcha” yo‘qligi haqida ogohlantirgan, chunki Yevropa allaqachon energiya inqirozi bosimi ostida.
Avvalroq, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyani Ukrainada o‘ziga sodiq odamni hokimiyatga olib kelishni rejalashtirishda ayblagandi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi