Rossiyadan yana 900 dan ortiq o‘zbekistonlik qaytariladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatidan yurtdoshlarimizni olib kelish maqsadida temir yo‘l reysi tashkil etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan, O‘zbekiston fuqarolarini yo‘lovchi poyezdlari orqali olib kelish maqsadida Toshkent – Rostov-Don – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi maxsus temir yo‘l reysi tashkil etilmoqda.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha temir yo‘l qatnovini amalga oshiruvchi poyezd 19 avgust kuni Toshkentdan jo‘nab ketdi. Gnilovskaya – Toshkent yo‘nalishida ushbu poyezd orqali 918 nafar fuqaro 26 avgust kuni O‘zbekistonga olib kelinadi.

Mazkur yo‘lovchi poyezdi yo‘l davomida faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya’ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezd O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

“Ushbu reysda olib kelingan yo‘lovchilar Namangan viloyatining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, ko‘rilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan va ular O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.

Avvalroq, Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan Samara viloyatida yana o‘zbekistonliklar to‘plangani haqida xabar bergan edik. Ular endilikda chegara yaqiniga emas, Kinel poyezd stansiyasida to‘planyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya poezd

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing