Rossiyadan cho‘chigan Yevropa harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda
Olam
−
12 avgust 4864 2 daqiqa
Ukraina urushi fonida Yevropaning harbiy-sanoat korxonalari misli ko‘rilmagan sur’atlarda ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Yevropa kosmik agentligiga (ESA) qarashli Sentinel-1 radar sun’iy yo‘ldoshlarining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 2 yilda yirik Yevropa mudofaa konsernlari 7 million kvadrat metrdan ortiq yangi ishlab chiqarish maydonlari qurgan. Nashr buni “tarixiy darajadagi qayta qurollanish” deb atagan.
Nashr 37 kompaniyaga tegishli 150 ob’ektni misol sifatida keltirgan. 2024-2025 yillarda yangi ob’ektlar maydoni 2,8 million kvadrat metrgacha yetgan, bu 2020-2021 yillardagi 790 ming kvadrat metrdan bir necha baravar ko‘p. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yangi yo‘llar, binolar va boshqa infratuzilma qurilishi qayd etilgan.
Eng yirik loyihalardan biri sifatida Vengriyaning janubida joylashgan Varpalota shahridagi o‘q-dori va portlovchi modda zavodi qayd etilgan. Uni Germaniyaning Rheinmetall konserni va Vengriya davlat mudofaa xoldingi hamkorlikda qurmoqda.
“Bu yerda KF41 Lynx piyoda jangovar mashinasi uchun snaryadlar ishlab chiqarilmoqda, kelajakda esa Leopard 2 va Panther tanklari uchun o‘q-dorilar ham chiqarilishi rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Nashr, shuningdek, Yevropa Ittifoqining ASAP dasturi doirasida moliyalashtirilgan 88 ob’ekt bo‘yicha ma’lumotlarni ham tahlil qilgan. Ulardan 20 tasida yangi ishlab chiqarish maydonlari qurilgan, yana 14 tasi esa avtomobil to‘xtash joylari kabi kichik kengayishlar qilgan. Manbaga ko‘ra, dastur doirasida Yevropa Ittifoqi 500 million yevro ajratmoqda.
NATO qurollarni nazorat qilish markazining sobiq direktori Uilyam Alberkning aytishicha, bu “o‘rta va uzoq muddatda mudofaa sanoatini o‘zgartiradigan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar”dir. YeI mudofaa bo‘yicha komissari Andryus Kubilyusga ko‘ra, 2022 yilning fevralidan beri Yevropa mamlakatlari yiliga ishlab chiqariladigan o‘q-dorilar hajmini 300 mingdan qariyb 2 milliongacha oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya, Shvetsiya va Daniya hukumati Ukrainaga AQSHdan qurol xarid qilish uchun 486 million dollar ajratmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr