Rossiyadagi YTHda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
3-sahifa
−
20:56 1281 1 daqiqa
Rossiyada sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 6 avgust kuni Rossiyaning Mordoviya Respublikasi hududida – Lyambir tumanidagi Bloxino qishlog‘i yaqinida M-5 “Ural” avtomagistralining 180 kilometrida “MAZ” rusumli yuk avtomashinasi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat raqami bilan harakatlanayotgan Spark yengil avtomashina o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Ushbu YTH oqibatida O‘zbekistonning 2 nafar fuqarosi (1996 yilda tug‘ilgan A.P., 1997 yilda tug‘ilgan B.A.) halok bo‘lgan, yana 3 nafar o‘zbekistonlik (2002 yilda tug‘ilgan A.P., 1989 yilda tug‘ilgan B.A., 2006 yilda tug‘ilgan A.P.) turli xil tan jarohatlari bilan Mordoviyaning Markaziy klinik shifoxonasiga joylashtirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olinib, mahalliy mas’ul vakolatli organlar bilan aloqa o‘rnatilgan va hozirda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini (sud-tibbiy ekspertiza va boshqa jarayonlardan so‘ng) qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, shifoxonadan chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Bursa viloyatida o‘zbekistonlik 36 yoshli Oybek Niyozov to‘satdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq, uning jasadi mamlakatga olib kelindi.
Live
Barchasi